9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

12:33 / 10.08.2019 15570

Gaz yetkazib beruvchilar qanday majburiyatlarga ega?

Foto: TASS/ZUMA/Serg Glovny

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Gaz ta'minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilingandi.

Hujjatga ko‘ra, gazni taqsimlash berilgan litsenziyalar asosida gazni qabul qilish, taqsimlash va iste'molchilarga gaz yetkazib berishni ta'minlaydigan gaz ta'minoti tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Gaz ta'minoti tashkilotlari:

belgilangan tartibda iste'molchilar tomonidan ma'lum qilingan ehtiyojlar asosida gazning shartnomaviy iste'mol hajmini shakllantiradilar;

iste'molchilar bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzadilar;

gaz taqsimlashning prognoz va hisobot hajmlarini shakllantirish hamda gaz resurslari va taqsimoti balansini tuzishda ishtirok etadilar;

gaz ta'minoti tizimi obektlaridan qurilmalar texnologik reglamentlari va normativ hujjatlarga muvofiq foydalanadilar va ularni ta'mirlaydilar;

iste'molchilar tomonidan haqiqiy foydalanilgan gaz uchun to‘lovlar hisobini yuritadilar;

iste'molchilarni belgilangan tartibda gaz bilan ta'minlash tizimi obektlarida rejali ta'mirlash ishlari va avariyaviy rejim sababli gaz yetkazib berishning cheklanishi to‘g‘risida xabardor qiladilar;

avariyaviy rejimda magistral gaz quvurlarining texnologik ishlash rejimi buzilgan taqdirda iste'molchilarni gaz bilan ta'minlash jadvallari va ularni gaz tarmoqlaridan qisman yoki to‘liq uzib qo‘yish navbatini ishlab chiqadilar;

gazdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadilar va amalga oshiradilar;

iste'molchilarga gaz taqsimlash tarmoqlariga ulanish uchun belgilangan tartibda texnik shartlar taqdim etadilar;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa faoliyatni amalga oshiradilar.

Gazni yetkazib berish berilgan litsenziyalar asosida gazni qazib chiqarish, qayta ishlash, ishlab chiqarish tashkilotlari hamda gaz transporti va gaz ta'minoti tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

Gazni yetkazib beruvchilar quyidagi huquqlarga ega:

gaz yetkazib berish shartnomasi shartlarida belgilangan gaz iste'moli rejimiga iste'molchi tomonidan rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

gaz yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatlarda yetkazib berilgan gaz uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida olish;

iste'molchining gazni hisobga olish priborlari va gazdan foydalanish uskunalari (qurilmalari)ga to‘siqlarsiz kirish;

gaz yetkazib berish shartnomasi shartlariga muvofiq yetkazib berilgan gaz uchun qarzdorligi mavjud bo‘lganda iste'molchiga gaz yetkazib berishni cheklash yoki to‘xtatish;

iste'molchining gazdan foydalanish uskunalari (qurilmalari) ishlashida gaz ta'minoti obektlari ishining texnologik parametrlari o‘zgarishiga olib kelgan buzilishlar mavjud bo‘lganda keltirilgan zararlar o‘rnini belgilangan tartibda qoplash.

Gaz yetkazib beruvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Gaz yetkazib beruvchilar quyidagi majburiyatlarga ega:

Iste'molchilar tomonidan belgilangan tartibda ma'lum qilingan ehtiyoji asosida gaz iste'molining shartnomaviy hajmini shakllantirish;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq yetkazib beriladigan gazning sifatini ta'minlash;

gaz ta'minoti obektlarida gazning texnologik yo‘qotishlarini qisqartirish bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

obektlardan qurilmalarning texnologik reglamentlari va normativ hujjatlarga muvofiq foydalanish va ularni ta'mirlash;

gaz yetkazib berish shartnomalari shartlariga muvofiq iste'molchilarga gaz yetkazib berishni ta'minlash;

qonun hujjatlari va gaz yetkazib berish shartnomalariga muvofiq iste'molchilarning gaz ta'minoti masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish;

iste'molchilarga amalda yetkazib berilgan gaz uchun to‘lovlarning hisobini olib borish;

iste'molchilarni gaz ta'minoti tizimi obektlaridagi rejali ta'mirlash ishlari va avariyaviy rejim sababli gaz yetkazib berishning cheklanishi to‘g‘risida ogohlantirish.

Gaz yetkazib beruvchilarga qonun hujjatlari va gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.

Gaz iste'moli yuridik va jismoniy shaxslarning gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun amalga oshiriladi.

Gaz iste'molchilari quyidagi huquqlarga ega:

sifat ko‘rsatkichlari normativ hujjatlar bilan belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan gazni olish;

gaz yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan hajm va muddatlarda gaz olish;

gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish sabablari to‘g‘risidagi ma'lumotni belgilangan tartibda olish;

yetkazib beruvchilarga iste'molchilar tomonidan iste'mol qilinadigan gaz hajmining o‘zgarganligi to‘g‘risida belgilangan tartibda takliflar kiritish;

gaz ta'minoti tashkiloti tomonidan gazni to‘liq yetkazib berish yoki bermaslik, sifat ko‘rsatkichlari normativ hujjatlar bilan belgilangan talablarga muvofiq bo‘lmagan gazni yetkazib berish orqali yetkazilgan zararlar o‘rnini belgilangan tartibda qoplash;

gaz yetkazib berish shartnomalarini bajarishda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish uchun sudga murojaat qilish.

Gaz iste'molchilari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Gaz iste'molchilari quyidagi majburiyatlarga ega:

gaz yetkazib berish shartnomalari shartlari bilan belgilangan gaz iste'moli rejimiga rioya qilish;

yetkazib berilayotgan gaz uchun to‘lovni yetkazib berish shartnomalari bilan belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida amalga oshirish;

gaz ta'minoti tashkiloti vakiliga gazni hisobga olish priborlari va gazdan foydalanish uskuna (qurilma)larini tekshirish uchun ruxsat berish;

gazdan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

gaz iste'molida sanoat, yong‘in va ekologiya xavfsizlik talablariga rioya qilish;

gaz ta'minoti tizimiga obektlar va (yoki) gazdan foydalanish uskunalari (qurilmalari)ni o‘zboshimchalik bilan ulab olishga yo‘l qo‘ymaslik;

o‘rnatilgan gazni hisobga olish priborlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, plombalarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning nosozliklari to‘g‘risida gaz ta'minoti tashkilotlariga xabar berish.

Gaz iste'molchilari qonun hujjatlariga va gazni yetkazib berish shartnomalariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Gazni hisobga olmasdan yetkazib berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yetkazib beruvchi tomonidan iste'molchiga uzatiladigan gaz miqdori:

yuridik shaxslar uchun – gazni hisob olish priborlari bo‘yicha, ularda hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, qoidaga ko‘ra gaz yetkazib beruvchi gaz tarmoqlarining bo‘linish chegaralarida o‘rnatilgan nazorat-o‘lchov priborlari bilan aniqlanadi;

jismoniy shaxslar uchun – gazni hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari asosida yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda gaz sarfi me'yorlari bo‘yicha aniqlanadi.

Qurilishi yakunlangan, rekonstruksiya qilingan va mukammal ta'mirlangan gazni hisobga olish priborlari o‘rnatilmagan turar joy binolarini foydalanishga qabul qilish, shuningdek yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga gazni hisobga olish priborlari mavjud bo‘lmagan holda gaz iste'moli uchun ruxsat berish taqiqlanadi.

Gazni hisobga olish priborlari qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.

Yetkazib beriladigan gaz sifati tegishli normativ hujjatlarda belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi va yetkazib beruvchi tomonidan gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq ta'minlanishi lozim.

Zarur darajadagi sifatga ega bo‘lmagan gazni yetkazib berganlik uchun yetkazib beruvchi qonun hujjatlari va gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq javob beradi.

Iste'molchi yetkazib berilgan gaz uchun tuzilgan yetkazib berish shartnomasi asosida to‘lovni amalga oshirishi shart.

Yetkazib beriladigan gaz uchun hisob-kitoblar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.

Yetkazib beruvchi va iste'molchi gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq gaz yetkazib berish hajmi va iste'mol qilingan gaz uchun to‘lovlar summasini muntazam ravishda solishtirib boradilar.

Yetkazib beruvchi shartnoma shartlari va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda gaz yetkazib berishni kamaytirishga yoki to‘xtatishga haqli.

Gaz yetkazib beruvchi gaz yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha gaz yetkazib bermaslik yoki yetarlicha yetkazib bermaslik sababli iste'molchiga yetkazilgan aniq zarar va boy berilgan foydaning o‘rnini qoplaydi.

Gaz yetkazib berishning alohida shartlari bo‘lgan strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega iste'molchilar tomonidan yetkazib berish shartnomalarining yetkazib berilgan gaz uchun haq to‘lash shartlariga rioya qilinmagan taqdirda, yuqori turuvchi boshqaruv organi iste'molchilar tomonidan shartnoma shartlari bajarilishini ta'minlovchi choralarni ko‘radi.

Top