16:41 / 31.08.2019
2
39364

O‘zbekiston iqtisodiyoti: istiqbollar va xavflar

Foto: REUTERS

O‘zbekiston tizimli islohotlarini boshqa mamlakatlardan ko‘ra kechroq boshlagan bo‘lsa-da, o‘tish davri iqtisodiyotiga ega boshqa mamlakatlar tajribasidan muhim saboqlarni olishi mumkin, deb hisoblaydi Jahon banki mutaxassislari. Rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam beruvchi yirik xalqaro moliya tashkiloti yaqinda O‘zbekiston iqtisodiyotiga bag‘ishlangan yangi hisobotini taqdim etdi. Unda o‘tgan 2018 yil va joriy 2019 yilning birinchi yarmida mamlakatda yuz bergan makroiqtisodiy, ijtimoiy va tarkibiy o‘zgarishlar hamda yaqin 2 yil – 2021 yilgacha bo‘lgan istiqbollar keng sharhlanadi.

UzAnalytics mazkur hisobotning O‘zbekiston iqtisodiyoti istiqbollari, xavflar va ish o‘rinlarini yaratishga bag‘ishlangan boblarining muhim jihatlari va asosiy xulosalarini e'tiboringizga havola etadi.

Iqtisodiy istiqbollar va xavflar

Ijobiy iqtisodiy istiqbollar

O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur'atlari sekin, ammo ijobiy bo‘lib qolmoqda. Islohotlar ishlab chiqarishdagi cheklovchi omillarni (to‘siqlarni) bartaraf etish va yuqori o‘sish potensialiga ega tarmoqlarni liberallashtirishga yordam beradi. Meva-sabzavotchilik, turizm, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik va kimyo sanoati shunday tarmoqlar qatoriga kiradi. Biznesda soliq yukining sezilarli darajada kamaytirilishi zikr etilgan jarayonlarni yanada qo‘llab-quvvatlaydi. 2019–2020 yillarda narx-navoning liberallashuvi va oylik ish haqi oshirilishi sababli inflatsiya yuqori darajada saqlanib qoladi. Biroq 2021 yilga borib u pasayishi kutilmoqda. Jahon banki prognozlariga ko‘ra, tashqi savdo balansining salbiy saldosi yuqoriligicha qoladi. Sababi, O‘zbekiston iqtisodiyoti kelgusi bir necha yilda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun ko‘plab mashina va uskunalarni import qilishni davom ettiradi.

Kreditlarning haddan tashqari o‘sishi barqarorlikka tahdid solishi mumkin

Jahon banki jamoasi fikriga ko‘ra, kreditlarning davomli va haddan tashqari o‘sishi inflatsiya bosimini kuchaytiradi va bu makroiqtisodiy barqarorlik uchun asosiy xavflardan biridir. Ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati moliyaviy intizomni saqlash uchun maqsadli kreditlar hajmini kamaytiradi. Bundan tashqari, barqaror iqtisodiy o‘sish va pul o‘tkazmalari oqimi mamlakatda asta-sekin qashshoqlikni qisqartirishga yordam berishi ham kutilyapti. Davlatning ijtimoiy siyosatdagi o‘zgarishlari kam daromadli oilalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirish orqali qashshoqlikni kamaytirishi mumkin. 2019 yilda O‘zbekiston hukumati ijtimoiy himoya xarajatlarini 50 foiz oshirdi.

Makroiqtisodiy xavflar

Bank ekspertlari fikricha, ayrim tovarlar narxining jahon bozorida ko‘tarilishi va olib borilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar ko‘payishi uchun qulay istiqbollar mavjud, biroq salbiy omillar xavfi ham saqlanib qolmoqda. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

· O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari: Rossiya, Xitoy va Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sishning ancha zaifligi;

· tarkibiy va tizimli islohotlarni amalga oshirishning kechikishi;

· inflatsiyaning o‘sishi.

Mamlakatning yetarli darajadagi valuta zaxiralariga egaligi va davlat tashqi qarzining nisbatan kamligi sabab iqtisodiyotning tashqi barqarorlik xavfi o‘rtacha bo‘ladi. Islohotlarning keyingi bosqichi davlat korxonalari va moliya sektori, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirish va qishloq xo‘jaligidagi islohotlar kabi ancha murakkab muammolarni hal qilishga qaratilgan. Ushbu islohotlar iqtisodiy o‘zgarishlar, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va ish o‘rinlarini yaratish uchun muhim ahamiyat ega. Shu bilan birga, ular puxta nazorat qilinishi kerak bo‘lgan muhim iqtisodiy va ijtimoiy xavflarni ham qamrab oladi.

Asosiy e'tibor iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlari yaratishga qaratilishi kerak

Mehnat bozoridagi jiddiy muammolar

O‘zbekiston iqtisodiyotida yiliga qariyb 280 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Demografik sabablarga ko‘ra esa har yili deyarli 600 mingta ish o‘rni tashkil etilishi kerak. Shu bois, iqtisodiyotda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlari mehnat bozoriga kirib kelayotgan yangi ishchilarni band qilish uchungina ikki baravar oshirilishi lozim. Aksariyat ish o‘rinlari yangi korxonalarni tashkil etish hamda mavjud korxonalarni yanada kengaytirish hisobiga yaratilishi zarur. Hisobot mualliflari O‘zbekiston mehnat bozorida quyidagi tarkibiy va tizimli kamchiliklar borligini ta'kidlaydi:

· mehnatga bo‘lgan rag‘batning sustligi;

· xodimlar malakasining yetarli emasligi;

· korxonalarda xodimlarni texnik ko‘nikmalarga o‘qitish bo‘yicha imkoniyatlarning yetishmasligi;

· yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi yuqoriligi;

· iqtisodiy faol bo‘lmagan aholi ulushining ko‘pligi;

· uzoq davom etayotgan ishsizlik;

· ish kuchining cheklangan safarbarligi.

Iqtisodiy o‘sish – yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun asosiy omil

Yaxshi naf beradigan ish o‘rinlari yaratilishi iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini oshirishning muhim shartidir. Mehnat unumdorligi va bandlikning ortishi aholi jon boshiga YaIM singari muhim ko‘rsatkichning o‘sishiga xizmat qiluvchi ikkita asosiy omildir. Aholi jon boshiga daromadlari eng yuqori bo‘lgan mamlakatlarda so‘nggi ikki asr davomida mehnat unumdorligi keskin o‘sib borayotganini ko‘rish mumkin. Mehnat unumdorligining bunday o‘sishi “samaraliroq” yoki yuqori maoshli ish o‘rinlari yaratilishiga olib keldi. Aholi jon boshiga hisoblangan YaIM aslida butun aholi mehnati samaradorligi (unumdorligi) ko‘rsatkichidir. Yuqori va past daromad darajasiga ega mamlakatlarda aholi jon boshiga YaIMdagi farqlar mamlakatlar o‘rtasidagi mehnat unumdorligi darajalaridagi farqlarni ifodalaydi.

Mehnat unumdorligi ortishi YaIM o‘sishining asosiy omili bo‘ldi

O‘zbekistonda 1996 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan muddatda aholi jon boshiga YaIMning kumulyativ o‘sishi 165 foiz deb qayd etilgan.

Ushbu davrda bir xodimga nisbatan mahsulot ishlab chiqarishning umumiy hajmi, taxminan, 150 foiz oshdi. Ushbu davrda aholi jon boshiga YaIMning o‘sishi, asosan, mehnat unumdorligi o‘sishi va demografik o‘zgarishlar tufayli yuz berdi. Ammo ushbu davrda iqtisodiy faol aholiga nisbatan bandlik darajasi, shuningdek, mehnatga layoqatli aholiga nisbatan iqtisodiy faol aholi darajasi pasaydi. O‘zbekistonda mehnat unumdorligi o‘sishi tarmoqlar o‘rtasidagi resurslar almashinuvi hisobiga emas, asosan, tarmoqlar ichida yuz berdi.

Ish o‘rinlarini yaratish sur'ati iqtisodiy faol aholining o‘sishidan orqada qolmoqda

1996 yildan 2016 yilgacha qo‘llangan «o‘zbek modeli» tez o‘sib borayotgan iqtisodiy faol aholi uchun yetarli bo‘lgan ish o‘rinlari yaratib bera olmadi. Ayniqsa, sanoatning ishlab chiqarish tarmoqlarida yangi ish o‘rinlarini yaratish jiddiy muammolardan biri edi. Oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat va boshqa tarmoqlar shular jumlasidandir. Umumiy bandlikning atigi 13 foizi qazib olish va ishlab chiqarish sanoati ulushiga to‘g‘ri keladi. 2016 yilda bu ko‘rsatkich, boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda, ancha past edi: Turkmanistonda 45 foiz, Belarusda 32 foiz, Ukrainada 25 foiz, Qirg‘izistonda 22 foiz va Qozog‘istonda 21 foizni tashkil etgan.

Bandlik va mehnat unumdorligining bir paytda o‘sishi mukammal uyg‘unlikdir

O‘zbekistonning qurilish, kimyo va neft-kimyo sanoati, ulgurji va chakana savdo, umumiy ovqatlanish, transport, aloqa va boshqa ko‘plab tarmoqlarida bir paytning o‘zida bandlik va mehnat unumdorligi o‘sishi kuzatildi. Biroq energetika, yoqilg‘i va metallurgiya sanoatida yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan bo‘lsa-da, mehnat unumdorligi pasaydi. Qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik, sanoat qurilish materiallari, yengil va oziq-ovqat sanoati kabi boshqa tarmoqlarda mehnat unumdorligi oshdi, ammo ish o‘rinlari qisqardi.

Jismoniy infratuzilmadagi kamchiliklar yo‘qotishlarga olib kelmoqda

Jismoniy infratuzilma faoliyatidagi uzilishlar har yili ishlab chiqarishda katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Katta korxonalar bilan taqqoslaganda, kichikroq firmalar elektr energiyasi, gaz va suv ta'minotidagi uzilishlardan, yer maydonlarining yetishmasligidan yoki ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘lidagi yuqori ijara stavkalaridan ko‘proq zarar ko‘rmoqda. 2016 yilda jismoniy infratuzilma faoliyatidagi barcha uzilishlardan hosil bo‘lgan umumiy yo‘qotishlar yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmining 24 foizini, mayda korxonalarda esa 38 foizini tashkil etgan. Hokimiyat idoralari infratuzilma xizmatlari faoliyatini yaxshilash orqali korxonalarda mehnat unumdorligini va bandlik darajasini oshirishi mumkin.

Firmalarning vaqt va resurslardan samarasiz foydalanishi unumdorlikni oshirishiga to‘sqinlik qilmoqda

Korxona rahbarlarining vaqti va moliyaviy resurslari ko‘pincha ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatga chalg‘itadi. Bank ekspertlari fikricha, yirik korxonalar rahbarlarining qariyb 31 foiz, kichik korxona rahbarlarining esa 26 foiz vaqti besamar byurokratik kelishuvlarga isrof bo‘ladi. Markaziy va mahalliy hokimiyat idoralari, vazirlik va muassasalar, tarmoq uyushmalari bilan soliqlar, bojxona tartiblari, tekshiruvlar, sanitariya va ekologiya masalalari yuzasidan va boshqa kelishuvlar shular jumlasidandir. Oqibatda ishlab chiqarish unumdorligi, samaradorlik, malaka oshirish, texnologiyalarni joriy etish va ushbu korxonalar rentabelligini oshirishga vaqt kam qoladi.

Bank hisobotida 2016 yilda korxonalarda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra quyidagi ma'lumotlar olindi:

• yirik korxonalarning 32 foiz va kichik korxonalarning 30 foiz xodimlari qishloq xo‘jaligi ishlari yoki boshqa turdagi jamoatchilik ishlariga jalb etilgan;

• yirik korxonalarning qariyb 23 foizi va kichik korxonalarning esa 11 foizi mahalliy hokimiyat idoralari ulardan “qo‘shimcha xarajatlar” uchun beg‘araz yordam puli ajratishni so‘raganini ma'lum qilgan;

• yirik korxonalarning qariyb 13 foizi, kichik korxonalarning esa 7 foizi turli masalalar bo‘yicha hokimiyat idoralari birga norasmiy to‘lovlarni amalga oshirgan;

• yirik korxonalarda ishlab chiqariladigan jami mahsulot hajmining yarmidan ko‘pini erkin bozor sharoitida korxonalarning o‘zi emas, markaziy tarmoq vazirliklari yoki uyushmalari taqsimlagan.

Biznes yuritish shartlarini soddalashtirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish xususiy sektorni rivojlantirishga yordam beradi

Bozorga kirish va undan chiqish yo‘lidagi to‘siqlarning bartaraf etilishi, biznes yuritish qoidalarining soddalashtirilishi, davlatning narx belgilashni bosqichma-bosqich bekor qilishi, xususiy mulkka egalik huquqining mustahkamlanishi hamda davlat korxonalari sektoridagi ish samarasizligini yengib o‘tish bundan keyin ham umumiy samaradorlikni (unumdorlikni) oshirishga xizmat qiladi. Agar korxonalar moliyaviy bozorlarga, xomashyo va boshqa manbalarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lsa, raqobatning kuchayishi texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etishni rag‘batlantirishi mumkin. O‘zbekistonda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish nisbatan murakkab emas. (2019 yilda “Biznes yuritish” – “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston biznes ochishning osonligi bo‘yicha dunyoda 12 o‘rinni egalladi). Biroq norasmiy cheklovlar, davlat idoralarining samarasiz faoliyati, shaffof bo‘lmagan qonun-qoidalar va mulkka egalik qilish bo‘yicha huquqning tegishli darajada himoya qilinmasligi katta to‘siqlardan bo‘lib qolmoqda. Bunday cheklovlar O‘zbekistonning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini ro‘yobga chiqarishga va texnologiyalarni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Islohotlar iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega

2017 yildan buyon O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotini liberallashtirish bo‘yicha olib borayotgan islohotlar biznes yuritish yo‘lidagi xorijiy valuta konvertatsiyasi yetishmasligi, yuqori import bojlari va soliq stavkalari kabi cheklovlarni bartaraf etmoqda. Bank ekspertlari O‘zbekiston hukumatiga davlatning iqtisodiyotdagi rolini maqbullashtirishni davom ettirishni va xususiy sektorni rivojlantirish maqsadida qolgan to‘siqlarni bartaraf etishni tavsiya etmoqda. Ushbu cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

• investitsiya muhitini yaxshilash;

• soliq ma'muriyatchiligidagi islohotlarni to‘liq amalga oshirish;

• davlat budjeti operatsiyalarining, ayniqsa, davlat korxonalariga beriladigan samarasiz yashirin subsidiyalarga nisbatan shaffofligini ta'minlash;

• yerdan foydalanish bo‘yicha huquq hamda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida mulkka egalik qilish huquqini isloh qilish;

• davlat monopolistik korxonalarini tarkibiy jihatdan (tizimli) qayta qurish, korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish;

• davlatning eksportga yo‘naltirilganlikni qo‘llab-quvvatlashi (jumladan, ISO standarti bo‘yicha sertifikatlash, ekspert xatarlarini kamaytirish, diversifikatsiyalash, Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish).

O‘rta muddatli istiqbolda infratuzilmani (xususan, energetika, transport va logistika) modernizatsiya qilish hamda oliy ta'lim sifatini yaxshilash mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga yordam beradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top