19:23 / 18.09.2019
2
13873

Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi voyaga yetmagan bolaga nisbatan bir necha yil davom etib kelgan zo‘ravonlikka chek qo‘ydi 

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Yaqinda Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi Shofirkon tumanida necha yillar mobaynida davom etib kelgan voyaga yetmagan bolaga nisbatan zo‘ravonlikka — uy zo‘ravonligi kabi dahshatli voqeaga chek qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati ma'lum qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 1951 yilda tug‘ilgan Dilmurod Shodiyev qizi, voyaga yetmagan Shukrona Shodiyevani muntazam kaltaklab, xotini (Shukronaning o‘gay onasi) bilan birgalikda unga tan jarohatlari yetkazib kelgan. Qizcha muntazam ravishda och qoldirilgan, har kuni qo‘shnilarning uylariga kirib, ulardan yeyishga non so‘rab yurgan. Bundan tashqari, qizchaga muntazam ravishda psixologik ta'sir o‘tkazilgan, ya'ni otasi uni nogiron qilish va bu nogironlik uchun kelajakda nafaqa puli olish maqsadida doimiy ravishda qizining tanasiga turli og‘irlikda shikast yetkazishga uringan. Hatto uni bunday holatlarni o‘zi sodir etishga, ya'ni o‘z badanini o‘zi jarohatlashga ham undagan. Shukronani bir necha marotaba qo‘shnilar uyi yaqinida oqib o‘tadigan kanal yoqasidan topib olib kelishgan. Qizchaning aytishicha, otasi unga o‘zini kanalga tashlashni buyurar ekan. Psixologik zo‘riqqan qizcha esa otasini ko‘rganda mum tishlab, “zombi“ holatiga tushib qolar va u nima desa, o‘shani bajarardi...

Muntazam kaltaklar zarbidan hatto peshobini ham tutib turolmaydigan holga kelgan Shukronaning taqdiriga na qo‘shnilar va na qarindosh-urug‘lar aralashganiga nima deysiz?! Dilmurodning agressivligi va jahldorligi bois bironta ham odam bu oila bilan “sen-men”ga borishni istamasdi. Shu boisdan bu uyda yuz berayotgan bu dahshatli voqeadan qo‘ni-qo‘shnilaru qarindosh-urug‘lar xabardor bo‘lishsa-da, Shukronaning yonini olishga biron kimsa yurak yutib botinolmagan.

Biroq Shofirkon tumanidagi “Mahallaqozi“ mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Halima Halimova mazkur vaziyatga befarq qarab turolmadi. Qanday qilib bo‘lsa-da, Shukronani bu dahshatlar ichidan chiqarib olishga jon-jahdi bilan intildi. D.Shodiyevning tinimsiz tahdidlariga qaramay, Halima opa bu vaziyatni viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi va Shofirkon tumani xotin-qizlar qo‘mitasi yordamida ijobiy hal qildi.

Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Firuza Ibragimovaning sa'y-harakatlari bilan Shukrona avval Shofirkon tumani kasalxonasiga, so‘ng (otasining tahdidlari sababli) Buxoro viloyati bolalar shifoxonasiga joylashtirildi. Qizcha bu yerda davolandi, onasi vafot etganidan beri ilk marotaba to‘yib ovqatlandi hamda anchadan beri birinchi marta badaniga sovun tegib yuvindi (afsuski, yillar mobaynida uni o‘z uyida cho‘miltirishmagan, kasalxonaga olib kelinganida qizcha o‘ta ayanchli ahvolda edi)

Muntazam ko‘rik hamda izchil muolajalardan so‘ng bugun Shukrona ancha o‘ziga kelib qolgan. 

Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi talabi bilan sud-medekspertiza xulosalari Shofirkon tumani sudiga taqdim qilindi va Shofirkon tumani xalq ta'limi hamda Vasiylik va homiylik organlari tomonidan Dilmurod Shodiyevni otalik huquqidan mahrum qilish haqida so‘rovnoma kiritildi. 

12 avgust kuni Shofirkon tumani fuqarolik sudi sudga taqdim etilgan barcha dalillar hamda Oila kodeksining 79-moddasi 3-bandiga asoslanib, fuqaro D.Shodiyevni otalik huquqidan mahrum qilish xususida hukm chiqardi.

Hukmga binoan, Sh.Shodiyeva Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyiga joylashtirildi. Bundan tashqari, bola foydasiga Oila kodeksining 99-moddasida belgilangan miqdorda aliment (nafaqa puli) undiriladigan bo‘ldi.

Shu bilan birga, Shukronaning o‘gay onasi bo‘lmish Oygul Sherdonovaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1 va 2-qismlari, ya'ni qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ayni kunlarda Shukrona Shodiyevani Buxoro shahridagi 32-sonli Mehribonlik uyiga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari hamda yaxshi odamlar tufayli Shukronaga maktab uchun barcha kerakli anjomlar, kiyim-kechak va boshqa zarur narsalar taqdim qilindi.

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi bir murg‘ak qizaloqning hayotiga befarq bo‘lmagan, boshqalar kabi loqaydlik to‘nini kiymagan Shofirkon tumanidagi “Mahallaqozi” mahalla fuqarolar yig‘inining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi Halima Halimovaga hamda Buxoro viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilariga, shuningdek, barcha hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildiradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top