11:00 / 01.10.2019
10
22400
1 oktyabrda ustozlar bilan yuzma-yuz: nega maktablarda erkak o‘qituvchilar kam?

Bugun hamma ustozlariga hurmat ko‘rsatish va ularni tabriklash uchun harakat qiladi. Gul do‘konlari odamlar bilan gavjum, telekanallarda turli roliklar namoyishi davom etadi.

Asosan, faqat 1 oktyabrdan bir necha kun oldin va bir necha kun keyin hurmat ko‘rsatish davom etadi.

Biroq, aslida, hanuz ustozlar obro‘si, moddiy ta'minoti to‘liq ta'minlangan, ular o‘z ish haqidan qoniqadi, deyish qiyin. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, xalq ta'limi tizimida mehnat qiluvchi 466 ming 462 nafar o‘qituvchining 321 ming 818 nafari, ya'ni 69 foizini ayol o‘qituvchilar tashkil qiladi. 144 ming 644 nafari, ya'ni 31 foizi esa sohada mehnat qilayotgan erkak o‘qituvchilardir.

Maktabda dars berish xotin-qizlarga yarashadigan ish, degan qarash deyarli shakllanib bo‘ldi.

Aytish joizki, davlat rahbari tomonidan ta'lim tizimiga berilayotgan e'tibor tufayli o‘qituvchilarning majburiy mehnatga, obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishi holatlari bartaraf etildi, ularning oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha harakatlar boshlandi.  

O‘qituvchilarning kasb bayrami munosabati bilan «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan xalq ta'limi, oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimida samarali faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar uchun 30 sentyabrga qadar imtiyozli avtomobil xaridi e'lon qilindi. Bu imkoniyat ham ko‘pchilik o‘qituvchilarning kayfiyatini ko‘targani aniq.

Biroq soha xodimlari o‘z ish sharoitidan va mehnat haqidan to‘la rozi, deyish mumkin yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida ustozlarning ayrimlari ishtirokida so‘rov tashkil etildi.

Ularning ta'kidlashicha, sohada hanuz xotin-qizlar ko‘pligining asosiy sababi moddiyatga, ya'ni oylik maoshga borib taqaladi. Maktabdan olinadigan pul bilan butun boshli oilani ta'minlashning iloji yo‘qligi tufayli erkaklar bu yo‘nalishga kamroq qiziqadi. Yoki bugun maktablarda dars berayotgan erkak ustozlar ham maktabdan tashqari boshqa ishlar bilan ham shug‘ullanadi.

Vaziyat shunday bo‘lib turgan bir paytda avgust oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident «Maktab direktorlarining 70 foizi erkak kishi bo‘ladi», deya ta'kidlagan edi.

Shuningdek, Davlat rahbarining ta'kidlashicha, so‘nggi yillarda 13 ming nafar erkak o‘qituvchi maktablarga qaytgan.

1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Sharafli kasb egalarini butun millat shu bir kun bo‘lsa-da, boshiga ko‘tarishiga imkon beraylik.

Zilola G‘aybullayeva
Tasvirchi: Doniyor Yakubov

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top