10:26 / 01.10.2019
1
3508
Xitoy aviakompaniyasi rahbari O‘zbekiston shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar yo‘lga qo‘yishni taklif qildi
Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov «Zhejiang Loong Airlines Co. Ltd» aviakompaniyasi rahbari Lyu I bilan uchrashishdi

Muzokaralar davomida tomonlar Xanchjou-Sian-Toshkent to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysining ochilishi, shuningdek aeroportlarni rivojlantirish, Sian, Xanchjou va Chendu shaharlaridan O‘zbekistonning boshqa shaharlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilindi.

Xitoylik mehmonlarga 2019 yilning 1 oktyabridan “Buxoro”, “Qarshi”, “Nukus” va “Termiz” xalqaro aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llagan holda “Ochiq osmon” rejimining ishga tushishiga doir batafsil ma'lumot taqdim etildi. 

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tomoni Sian va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarning yo‘lga qo‘yilishi hamda “Zhejiang Loong Airlines Co. Ltd” charter va muntazam reyslarni tashkil qilish bilan bog‘liq imtiyoz va preferensiyalardan foydalangan birinchi aviakompaniya ekanligi respublikaning turizm sektori uchun muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Buxoro-Loyan hamda Samarqand-Sian shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni ochish masalasi ishlab chiqilishi qayd etildi.

Muzokaralar davomida xorijiy hamkorlar tomonidan Toshkent xalqaro aeroporti xizmatlari uchun chegirma olish hamda kelgusida O‘zbekistonning boshqa shaharlariga qo‘shimcha reyslar ochishda yordam ko‘rsatish so‘raldi. 

O‘zbekiston tomon XXR va O‘zbekiston o‘rtasida muntazam reyslarni ochishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mamlakat aeroportlaridan foydalanishda chegirmalar va subsidiyalar masalasini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirdi.

Tomonlar 2019 yilning oxiriga qadar Xanchjou-Sian-Toshkent reysini muntazam yo‘lga qo‘yish zarurati qayd etishdi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, tomonlar marketing va piar-kampaniyani tashkillashtirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik qilishiga oid kelishuvga erishishdi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni mehmonlarni mamlakat hududida yangi muntazam aviareyslarni tashkil qilishda har tomonlama yordam ko‘rsatishiga ishontirdi. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top