10:53 / 05.10.2019
0
5323
IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari «Keksalar haftaligi»da faol ishtirok etmoqda 
Foto: IIV Malaka oshirish instituti

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, BMT Bosh Assambleyasining 1990 yil 14 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan e'lon qilingan “1 oktabr – Xalqaro keksalar kuni”ni har yili mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sayyor o‘quv yig‘inlari doirasida keksa avlod vakillarining holidan xabar olish ham an'anaga aylanib bormoqda.

Jumladan, yakka yolg‘iz qariyalarning xolidan xabar olinib, ularning shart–sharoitlari bilan tanishishga, ijtimoiy muammolarini eshitish va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ularning yechimini topishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Institut xodimlarida qariyalarimizning serqirra umr yo‘llari to‘g‘risidagi hayotiy hikoyalari katta taassurotlar uyg‘otmoqda. Zero, keksalar qalbi o‘qilmagan kitobdir.

– Qarilik qursin, ko‘zim yaxshi ko‘rmay qolgan, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani “Oydin ko‘l” mahallasida yashovchi, 75 yoshli onaxon Shaydoxon O‘razimbetova. – Sizlarni taniyolmay turibman. IIV Malaka oshirish instituti katta o‘qituvchisi Abdulla Badalxo‘jayevning biz sizni ko‘rgani keldik, degan so‘zlari onaxoni to‘lqinlantirib yubordi, shekilli. Avvalo ming kilometr yo‘l bosib, meni ko‘rgani uchun kelganlaringiz uchun minnatdorman. Turli sohalarda ishladim, bugun keksalik gashtini suryapman. Vaqt o‘z ta'sirini ko‘rsatar ekan. Bugun sog‘ligim yaxshi emas, o‘g‘lim 1976 yilda tug‘ilgan Irza Abdullachorov ham kasalvand bo‘lib qoldi. Sizlar kabi saxovatli insonlar bor ekan, holimizdan xabar olib turishadi. Katta rahmat. Sog‘lig‘imni tiklash uchun mahalliy idoralar bilan birgalikda davolanishim uchun yordam bermoqchi ekanligingiz meni juda xursand qildi. Mashaqqatli xizmatlaringizda omadlar tilayman.

– Uyda kampirim bilan o‘tirgan edik, kelinim shoshib kirib, uyga mehmonlar kelishdi, deb menga xabar berdi. Keyin bilsam, poytaxtimizdan IIV Malaka oshirish institutining bir guruh xodimlari ekan, “1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bilan tabriklashdi, suhbatlashdik, ko‘zimga yosh keldi, kayfiyatim ko‘tarildi, – deydi Surxondaryo viloyati Termiz tumani “Kokildor ota” mahallasida yashovchi, 78 yoshli Qo‘zimurod hoji ota Shobirov. – 50 yil ta'lim sohasida mehnat qildim, yoshlarga tumanimizdagi 9-sonli umumta'lim maktabida “Fizika” fanidan saboq berdim. Bundan tashqari, o‘g‘il bolalarga sportning kurash turidan murabbiylik qilganman. Shogirdlarim ichida bir nechtasi O‘zbekiston chempioni, xalqaro musobaqalarda sovrindor bo‘lgan, ya'ni shogirdim Samijon Ubaydullayev milliy kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, yana bir shogirdim Behruz Omondavlatov yaqinda Rossiya Federatsiyasida sportning dzyudo turi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida sovrindor bo‘lganligi bilan faxrlanaman. Ollohga shukr, turmush o‘rtog‘im bilan 3 nafar o‘g‘il, 2 nafar qizni voyaga yetkazib, o‘qitib, oilali, uy-joyli qilib, xalqqa nafi tegadigan inson qildik, bundan ortiq baxt bormi, bugun endi qarilik gashtini surib o‘tiribmiz. Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman, xalqning tinchlik-osoyishtaligini ta'minlashda qilayotgan ishlaringizda omadlar tilab, sizlarni duo qilib qolaman.

– Turmush o‘rtog‘im bilan 5 nafar qiz, 2 nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazdik, deydi Angor tumani Ulug‘bek nomli mahallada yashovchi, 83 yoshli Rohiya momo Xayitova. – 40 yil jamoa xo‘jaligida paxta dalasida mehnat qildim. Turmush o‘rtog‘im 20 yil avval qazo qilgan, katta o‘g‘lim 5 yil burun kasallik tufayli vafot etgan. Yaqinda 4 oy oldin kichik o‘g‘lim ham yo‘l-transport hodisasida vafot etdi, 5 ta qizdan 3 tasi turmushidan ajrab kelib, mening qaramog‘imda, 14 nafar nevaram bor. Oilamiz qiynalganida, musibat tushganida qo‘ni-qo‘shnilarim, qishloqdoshlarimga rahmat, ular qarab turishmadi, qo‘llaridan kelgunicha hozirgi kunga qadar ham yordam berishmoqda. Men sizlarni ko‘rib, quvonib ketdim, poytaxtdan uyimga kelib, mendan hol-ahvol so‘raganligingiz uchun sizlarga, sizlar orqali Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga o‘zimning rahmatlarimni aytib, yurt tinchligi yo‘lidan qilayotgan mehnatlaringizda zafarlar tilayman.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani “Temiryo‘l” guzarida yashovchi, 1952 yilda tug‘ilgan Bozorboy O‘razimbetov bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida uning 1979 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Jalg‘asbay O‘razimbetov 1-guruh nogironi ekanligi, uning ko‘zi ko‘rmasligi, oilasi ijtimoiy himoyaga muhtojligi ma'lum bo‘ldi. Uyining tomini yopishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi. Tuman hokimligi tomonidan B.O‘razimbetovning uy tomini ta'mirlab berish bo‘yicha chora-tadbir belgilandi.

– Turmush o‘rtog‘imdan ajrab qolganiga ancha yil bo‘ldi, 2 nafar qizim, 1 nafar o‘g‘lim bor, hozir o‘g‘lim, kelinim, 3 nafar nevaram bilan birga umrguzaronlik qilmoqdaman, – deydi Jarqo‘rg‘on tumani “Ulug‘bek” mahallasida yashovchi, 72 yoshli Ulaxon momo Safarova. – Ko‘zim ko‘rmay qolganiga bir necha yil bo‘ldi, kelinimga rahmat, mening issiq-sovug‘imdan xabar oladi, men 40 yildan ortiq jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi bo‘lib ishladim. Sizlarga o‘z minnatdorligimni bildiraman, yurt tinchligini saqlashda kecha-yu kunduz mehnat qilyapsizlar. Sizlarga sog‘liq-salomatlik, ishlaringizda rivoj tilayman, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. 

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani T.Soyimbetov ko‘chasida yashovchi Aytboy Jolombatov, Taxtako‘pir tumani “Oydin ko‘l” mahallasida yashovchi Gulparchin Boyzakova, Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani “Yangi shahar” mahallasida istiqomat qiluvchi Baxtiyor Mirzayev kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning ham holidan xabar olindi. 

Shu bilan birga, Institut jamoasining ushbu hududlardagi “Saxovat” uylaridagi keksa avlod vakillarining holidan xabar olinganligi ularga bir olam quvonch bag‘ishladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top