27 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 816-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1990 yil 14 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan e'lon qilingan “1 oktabr - Xalqaro keksalar kuni”ni har yili mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilandi.
Shuningdek, hujjat bilan haftalikni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
2019 yil 2 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, barcha mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etilgan edi.
Vazirlar mahkamasining yuqoridagi qarorida ushbu “Keksalar maslahati” guruhlari to‘g‘risidagi namunaviy nizomning tasdiqlanishi keksalarning muammolarini manzilli o‘rganish va bartaraf etish, keksa avlod vakillariinng boy hayotiy tajribasidan oilalar va mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni barqarorlashtirishda keng foydalanish, ularning yurtimizda kechayotgan jadal islohotlar jarayonida faol ishtirok etishlarini ta'minlashga xizmat qiladi.
“Keksalar maslahati” guruhlarining eng faol a'zolari muntazam ravishda “Mehnat faxriysi”, “Mo‘tabar ayol” va “Mahalla iftixori” kabi ko‘krak nishonlariga tavsiya etilishi esa xayrli amallarga kuch va qanot bag‘ishlaydi.
Haftalik doirasida Adliya vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti mas'ulligida “Keksalar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari to‘plami”ning nashrga tayyorlanib, chop etilishi sohaga xalqaro ilg‘or tajribalarning joriy etilishi va keksa avlod vakillarining haq-huquqlarining munosib himoyalanishiga zamin yaratadi.
Haftalik doirasida keksalar hamda faxriylar uchun bayram tadbirlari tashkil etiladi. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj qatlam uchun tor mutaxassislar hamda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning umumiy amaliyot shifokorlaridan iborat tarkibda “Tibbiyot avtobusi” tashkil etilib, ular keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.







