16:40 / 10.10.2019
2
64421
Bosh prokuratura «Kamolon» mahallasida sodir bo‘lgan qotillik haqida rasmiy ma'lumot berdi

Bosh prokuratura Toshkent shahrining “Kamolon” mahallasida sodir etilgan qasddan odam o‘ldirish jinoyati yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda mahkama jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2019 yil 5 oktabr kuni soat taxminan 04:30larda Shayxontohur tumani, Kirkiy ko‘chasida joylashgan uyning yotoqxonasidan, shu xonadonda istiqomat qilib kelgan A.A.ning (1993 y.t., XATB “Universal bank” Toshkent filiali bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan) murdasi bo‘yin sohasidan dazmol shnuri bilan bo‘g‘ilgan holatda topilgan.   

Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, A.A.ning o‘limi bo‘yin a'zolarining sirtmoq bilan bo‘g‘ilishidan kelib chiqqan mexanik asfiksiya natijasida yuz berganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 5 oktabr kuni Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tezkor-tergov harakatlarida aniqlanishicha, K.A. turmush o‘rtog‘i A.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizo sababli uni qasddan o‘ldirish haqida qarindoshi O.X. bilan jinoiy til biriktirgan.

O.X. 2019 yil 4 oktabr kuni soat 19:00larda A.A.ning yashash uyiga kelib, xonadon mehmonxonasidagi stol ostiga berkinib, K.A. bilan uning turmush o‘rtog‘i A.A.ni o‘ldirish uchun qulay fursat kutib, 2019 yil 5 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:30larda yotoqxonaga kirib, A.A. uyg‘oq bo‘lganligi sababli uning ustiga chiqib, yuz qismiga chap qo‘li mushti bilan bir necha zarbalar berib, so‘ngra oldindan tayyorlab qo‘yilgan dazmol elektr simi bilan bo‘yin sohasidan bo‘g‘a boshlagan. 

Natijada, A.A. o‘ziga nisbatan bo‘layotgan tajovuzdan himoyalanib, yaqin qarindoshlarini yordamga chaqira boshlagan vaqtida K.A. o‘z turmush o‘rtog‘ining yuz qismiga yostiq bilan bosib, uning nafas yo‘llarini berkitib, A.A.ni qasddan o‘ldirishgan. 

So‘ngra, O.X. xonadonda bo‘lgan marhum A.A.ga tegishli 2 ta uyali telefon apparatlari, 500 AQSh dollari va 110.000 so‘m pullarini hamda jinoyat izlarini yashirish maqsadida sherigi K.A.ga tegishli 1 dona uyali telefon apparati va tilla taqinchoqlarini qo‘lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. K.A. esa jinoyati fosh etilishini oldini olish va javobgarlikdan qutilib qolish maqsadida shu kecha unga va turmush o‘rtog‘iga nisbatan noma'lum shaxslar tomonidan bosqinchilik sodir etilganligini aytib, marhumning ota-onasini uyg‘otgan. 

Tergov davomida O.X.ning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv davomida A.A.ning uyidan olib ketilgan tilla buyumlar yerto‘laga yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Ish bo‘yicha 2019 yil 7 oktabr kuni O.X. va K.A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan ayblov e'lon qilingan va ehtiyot chorasi sifatida “qamoq” qo‘llanilgan. 

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top