AQShda o‘zbekistonlik ayol sobiq eri tomonidan otib o‘ldirildi
Qotil o‘z joniga qasd qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchilari bo‘lishgan.
Amerikada o‘zbekistonlik ayol sobiq turmush o‘rtog‘i tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabar tarqalmoqda. Bu voqea tafsilotlari AQShdagi ko‘plab saytlarda berilgan.
Manbalarda yozilishicha, shanba kuni Pensilvaniya shtatida ikki kishi otishma sabab vafot etgani ma’lum bo‘lgan. Yakshanba kuni mahalliy organlar Louyer-Morlend shaharchasida sobiq er-xotin qotillik va o‘z joniga qasd qilish oqibatida vafot etganini ma’lum qildi.
Mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha ko‘p qavatli uyda yashovchi ikki kishi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Voqea joyida politsiyachilar 43 yoshli Durdona Sultonova hamda 44 yoshli Al Allabergning jasadini topishgan. Sobiq er-xotinning jasadlari uy yotoqxonasida aniqlangan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Allaberg Durdona Sultonovaning sobiq eri bo‘lgan. U ayolning ko‘krak sohasiga bir necha marta o‘q uzgan. Keyin esa o‘sha o‘qotar qurol yordamida o‘zini o‘ldirgan. Politsiya ayolning o‘limini qotillik deb baholab jinoyat ishi ochgan. Erkak esa o‘z joniga qasd qilgan deb topilgan.
Keyinchalik marhum ayol 43 yoshli Durdona Sultonova o‘zbekistonlik ekani ma’lum bo‘ldi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, ayolni o‘ldirgan sobiq eri 44 yoshli Al Allaberg ham asli o‘zbekistonlik Sarvar Olloberganov bo‘lgan va AQSh fuqaroligini olgach, ismi-familiyasini o‘zgartirgan.
O‘zbekistonlik ijtimoiy faol, Strategik islohotlar agentligi loyiha ofisi rahbari Aziza Umarova bu voqea haqida nekrolog yozib, marhum ayol Durdona Sultonova Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi bo‘lganini ma’lum qildi. Umarovaga ko‘ra, Durdona Sultonova AQShga ketishidan avval Yaponiyada magistraturani o‘qishga ham ulgurgan. Uning postidan kelib chiqadiki, Durdona Sultonovani o‘ldirgan sobiq eri ham Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi, chindan o‘zbekistonlik bo‘lgan.
«Ayollar ularni hatto ajrashgandan keyin ham tinch qo‘ymaydigan erkaklar qo‘lidan hamma yerda o‘layotganini ko‘ryapmiz. Statistik ko‘rsatkichlarda bu qotillik deyiladi. Katta yo‘qotish, adolatsizlik, fojia.
Men shunchaki siz bu go‘zal, aqlli, iste’dodli, mustaqil, vafoti vaqtida atigi 43 yoshda bo‘lgan ayol bilan xayolan vidolashishingizni istadim. Xudo rahmat qilsin. Durdonaning yaqinlariga va bir kunda ham otasi, ham onasidan ayrilgan ikki farzandiga hamdardlik bildiraman», deb yozgan Aziza Umarova Facebook'dagi sahifasida.
Marhum Durdona Sultonovaning yaqinlari gofundme portalida ayolning dafn marosimi va uning oilasiga ko‘mak uchun yordam yig‘imoqda. Hozirgacha 650 ga yaqin odam bu e’lon uchun pul donat qilgan.
- Bu mart oyining o‘zida AQShda o‘zbekistonlik er-xotinlar o‘rtasidagi mojaro o‘lim bilan yakunlangan ikkinchi hodisa. 8 mart kuni o‘zbekistonlik erkak o‘z xotinini pichoqlagandi. Keyinchalik voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilarning pichoqni tashlash buyrug‘iga bo‘ysunmagan erkak zobitlar tomonidan otib o‘ldiriladi. Ayol og‘ir yaralanganiga qaramay tirik qolgan. Voqeadan keyin erkakning salomatligida ruhiy muammolar bo‘lgani aytilgan.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024