21:20 / 12.10.2019
1
5707
Tanzila Norboyeva: «Ovqatdan ommaviy zaharlanish – O‘zbekiston uchun juda uyatli holat»

2019 yil davomida 424 kishi ommaviy zaharlanishdan jabrlandi. Ularning 206 nafari – bolalar.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligini ta'minlash masalalari yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari 12 oktabr kuni Senat yalpi majlisida muhokama qilindi.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning fikricha, bu yo‘nalishdagi profilaktika ishlari mutlaqo talabga javob bermaydi.

«Hududlarimizda ommaviy zaharlanish holatlari tez-tez kuzatilib turibdi. Kuni kecha Samarqand shahri va Andijon tumanida, undan oldinroq Bekobodda ovqatdan ommaviy zaharlanish kuzatilganidan yaxshi xabardorsiz.

Biz parlament a'zolarini tashvishga solayotgan narsa shuki, hozirda ovqatdan ommaviy zaharlanishlarning faqatgina oqibatlarini bartaraf etish bilan chegaralanib qolyapmiz. Bu yo‘nalishdagi profilaktika ishlari hali mutlaqo talabga javob bermaydi.

Aslida ovqatdan ommaviy zaharlanish degan gap – bizning O‘zbekiston uchun juda ham uyatli holat. Chunki xalqimiz azal-azalgan toza, pokiza va halol ovqatlanishga juda katta e'tibor beradi. Biroq ayrim tadbirkorlar mo‘may daromad ilinjida ushbu masalaga panja orasidan qarayapti. Ular mamlakatimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan kafolatlarning asl mohiyatini anglab yetmayotgani oqibatida bunday holatlar respublikamizda deyarli har kuni uchrab turibdi.

O‘z navbatida aholi, ayniqsa yoshlar va bolalar sog‘lom ovqatlanish madaniyatiga rioya etmayotgani ham tashvishli holatdir», – deya fikr bildirgan Norboyevaning so‘zlarini keltirdi Kun.uz muxbiri.

Yalpi majlisda qayd etilishicha, ayni mavzu yuzasidan hukumatga parlament so‘rovi yuborilgach, sentabr oyida prezident farmoni qabul qilinib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati inspeksiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tashkil etilgan.

Shuningdek, hududlardagi sanitariya-epidemiologiya masalalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash maqsadlari uchun 6,5 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Hukumat qoshidagi yangi inspeksiya boshlig‘i Nurmat Otabekov ham Senatda so‘z olib, ommaviy zaharlanish holatlari haqida ma'lumot berdi.

«2019 yilning 10 oyi ichida 28ta ommaviy zaharlanish holati qayd etildi. Natijada 424 kishi jabrlandi. Eng achinarlisi, jabrlanganlarning 206 nafari – bolalar. Aynan ta'lim muassasalarida 11ta holat kuzatilib, ularda 333 kishi jabrlandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi inspeksiya va SSV huzuridagi agentlik faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori loyihasi tayyorlangan.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, ovqatdan zaharlanish holatlariga ovqat tayyorlanadigan joyda sanitariya-gigiyena talablariga umuman rioya etilmasligi birinchi sabab bo‘lsa, ikkinchisi – ovqat uni tayyorlash jarayoni texnologiyasini bilmaydigan va tabbiy ko‘rikdan o‘tmagan shaxslar tomonidan yoki sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan tayyorlanishidir.

Biz sanitariya me'yorlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan choralarni birmuncha kuchaytirish lozim, deb hisoblaymiz. Ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, qandaydir tizimli nazoratni yo‘lga qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Bu tizim nafaqat nazorat qiluvchi, balki ergashtiruvchi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi tizim bo‘lishi lozim», – deya qayd etdi O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya inspektori.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top