07:53 / 18.10.2019
0
3489
Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi a'zoligiga saylandi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Akmal Saidov Parlamentlararo ittifoq ijroiya qo‘mitasi a'zoligiga saylandi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytida xabar berilgan.

Qayd etilishicha, ayni kunlarda parlament a'zolaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiya poytaxti Belgrad shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoq assambleyasining 141-sessiyasi ishida qatnashmoqda.

1889 yilda tuzilgan Parlamentlararo ittifoq turli davlatlarning milliy parlament guruhlarini birlashtiruvchi xalqaro (hukumatlar qaramog‘ida bo‘lmagan) tashkilotlardan biri hisoblanadi. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir. Ayni vaqtda Parlamentlararo ittifoqqa 178 davlat parlamentlari a'zo hisoblanadi. 2017 yil 13 oktyabrdan O‘zbekiston Respublikasi mazkur tashkilotdagi a'zoligini qayta tikladi. 

Parlamentlararo ittifoq BMT bilan yaqin hamkorlik qiladi va uning maqsadlari hamda vazifalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Parlamentlararo ittifoqqa BMTning Bosh assambleyasi qoshidagi kuzatuvchi-tashkilot maqomi berilgan. 

Parlamentlararo ittifoq assambleyasining 141-sessiyasida 2020-2022 yillarga Parlamentlararo ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo ittifoqning ijroiya qo‘mitasi a'zoligiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar nodavlat tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi, akademik Akmal Saidovning nomzodi ilgari surilgan edi.

18 oktabr kuni o‘tkazilgan yuqori maqomdagi majlisda A.Saidov nomzodi tasdiqlanib, u Parlamentlararo ittifoqning Yevrosiyo guruhidan Parlamentlararo ittifoqning ijroiya qo‘mitasi a'zoligiga saylandi.  

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top