Fuqarolardan Konstitutsiyaviy islohotlar doirasida kundalik hayotga doir ko‘plab maishiy takliflar ham kelib tushmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiyaning 17 iyun kungi yig‘ilishida komissiya raisi, Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov aytib o‘tdi.
“Judayam to‘g‘ri takliflar bor, lekin bizning Konstitutsiyamiz darajasida bo‘lmaganlari ham bor. Masalan, Yo‘l harakati xavfsizligiga doir taklif yuborilgan: “Hozirgi kunda YXH qoidalariga amal qilmaydiganlar ko‘p, shuning uchun ko‘p noxush hodisalar yuz beryapti. Shularni bartaraf etish maqsadida qat’iy choralar ko‘rish kerak. Ya’ni qoidani buzganlarga bir yil davomida haydovchilik guvohnomasini [qaytarib] bermaslik kerak. Undan keyin, boshidan nazorat ostida o‘qitib, komissiya oldida imtihon topshirishi kerak”, degan talablar qo‘yilmoqda.
Bu kundalik voqea juda ko‘pchilikni bezovta qilyapti. To‘g‘ri taklif, lekin Konstitutsiya darajasidagi taklif emas. Shuning uchun yig‘ma axborot-tahlil guruhi bu taklifni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ko‘rayotganda e’tiborga olish mumkinligini aytmoqda.
Yana bir taklifda “Tonirovkani bepul qilinglar, xalqning boshini oftob urib, issiqdan aziyat chekyapti”, deyilgan. Judayam to‘g‘ri, lekin buni Konstitutsiyada yozolmaymiz. Buni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasi “Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish”ni cheklashga doir norma bor. Shu yerda qilish mumkin”, – dedi Akmal Saidov.
«Mantiqsiz va inson huquqlarini poymol qiluvchi» — advokat «tonirovka diskriminatsiyasi» haqida
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda 1 iyuldan avtomobillar oynasini qoraytirish uchun belgilangan to‘lovlar bekor qilinishi haqida xabarlar tarqaldi, Kun.uz'ga izoh bergan IIV bunday masalada xabari yo‘qligini bildirdi
















