14:20 / 23.10.2019
5
34958
«Biz hammasini eslaymiz» - Chusovitina sportdagi yillari, Germaniyaga ketishi sababi va hayotidagi eng baxtli kuni haqida

«Mening chiqishlarimni ko‘rgan inson endi bas qilaversa ham bo‘laveradi, demasligi uchun ham shunday chiqaman», deydi 7ta olimpiadada ishtirok etgan jahondagi yagona gimnastikachi, 44 yoshli Oksana Chusovitina. 2020 yilgi olimpiada uning uchun sakkizinchisi bo‘ladi.

Foto: Baptiste Fernandez

Ilk marta u 1992 yili Barselonada o‘tgan yozgi olimpiadada sobiq ittifoq mamlakatlari terma jamoasi tarkibida qatnashgan va oltin medal sohibi bo‘lgan. O‘shanda u 17 yoshda edi. Sportchi 2008 yili Pekin olimpiadasida Germaniya terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, kumush medal olgan.

O‘shanda u o‘g‘lini oqqon kasalidan davolash uchun bir necha yilga Germaniyaga ko‘chib o‘tgan edi. Yevropada olti yil yashagach u jonajon O‘zbekistonga qaytib, o‘z mamlakati uchun olimpiada medalini olishni maqsad qilgan.

«Meduza» 44 yoshli gimnastikachi bilan gimnastika maktabi, siyosat bilan shug‘ullanayotgan sportchilar va chiroyli ketish haqida gaplashdi.

— Siz shuncha yildan beri sportdasiz va g‘alaba qozonishda davom etmoqdasiz. Buni o‘zingizga qanday tushuntirasiz? Sizda boshqalarda yo‘q biror tabiiy iqtidor bormi?

— Bilasizmi, ko‘pchilik mendan shuni so‘raydi. Bilmadim, menga shunchaki zalga kelib gimnastika bilan shug‘ullanish, qanaqadir yangi elementlarni o‘rganish, nimanidir sinab ko‘rish yoqadi. Buni chin qoniqish bilan qilsang, nimalargadir erishar ekansan. Men esa doimo ishimni sidqidildan bajaraman. Sport menga huzur baxsh etmay qo‘ygan kuni burilib zaldan chiqib ketaman, boshqa ish bilan shug‘ullanaman.

— Sportda shuncha vaqt bo‘lishingizni kutganmidingiz?

— Yo‘q, albatta! Ko‘pchilik ishonmas, lekin gimnastikaga kelib shug‘ullana boshlagan paytim hattoki jahon chempioni bo‘lishni ham orzu qilmagan edim, olimpiadani-ku qo‘yaturing. Men shunchaki zalga kelib, o‘zim xohlagan ishni qilar edim.

Hozir men muvaffaqiyatsiz chiqish qila boshlasam, ayrim odamlar ketishim kerakligini aytishsa ham, ko‘pchilik meni hamon qo‘llab-quvvatlab turganini ko‘raman. Men ulardan minnatdorman, aynan ularning sharofati bilan mashg‘ulotlarni yanada kuchaytiraman.

— Agar tanqid haqida gapirsak, yosh qatnashuvchilar va ularning murabbiylari sizga qanday munosabatda? Qaysidir ma'noda siz ularning o‘rnini band qilib qo‘ymayapsizmi?

— Bilasizmi, kim bilan tanish bo‘lsam ular men uchun qayg‘urishadi, muxlislik qilishadi, muvaffaqiyatli chiqishlarimdan quvonishadi. Bu albatta yoqimli. Ishim mobaynida ijobiy fikrdagi insonlar ko‘proqligiga amin bo‘ldim. Ayrim paytlar slbiy fikrlar va sharhlar ham kerak, bu sening hamiyatingga tegadi va yaxshiroq ekanligingni ko‘rsatishga undaydi. Har qanday fikr olg‘a intilishga yordam beradi.

— Bu balkim sportdagi qariyb 30 yil ichida sizda raqobatga munosabat o‘zgarganidandir?

— Men hozir ham hech kim bilan raqobat qilmayman, o‘z-o‘zimcha shug‘ullanaman. Men maydonga chiqib, o‘zim shug‘ullangan narsani maksimum ko‘rsatishga harakat qilaman. Ba'zan o‘xshamaydi, kelib tasalli berishadi. Lekin men o‘zimga «Hechqisi yo‘q, agar o‘xshaganida nima ustida bosh qotirishni bilmagan bo‘lar edim», deyman. Men doim har qanday salbiy narsadan ijobiy jihat topishga odatlanganman. Biz pomostga chiqqanimizda hammamiz tengmiz: 18 yosh bo‘lamizmi, 40 yoshmi. Bizga bir xil hakamlik qilishadi. Men doim tugatishim kerak bo‘lib ko‘rinmaydigan qilib chiqish qilaman.

— Yoshligingizda munosabat boshqacha edimi?

— Ha, mutlaqo. O‘shanda men ko‘proq tashvishlanardim, yosh va tajriba oshgan sayin o‘tib ketdi. Hozir bu sport ekani-yu, har qanday holat bo‘lishi mumkinligini bilaman, lekin yoshligimizda mag‘lubiyatlarni boshqacha qabul qilamiz.

Foto: gymnovosti.com

— Olimpiada qoidalarida qanday muhim o‘zgarishlar ro‘y berganini eslaysiz?

— Qoidalar har to‘rt yilda o‘zgaradi, men ularga moslashishga ko‘nikkanman. Men doim har qanday gimnastikachining ko‘pkurashda ishtirok eta olishi kerak, derdim, bu esa ko‘plab olimpiadalarda o‘z isbotini topmoqda. Ko‘pkurashchilarda Olimpiadaga borish imkoniyati ko‘proq.

— O‘z sport karerangizda uch davlat — SSSR, O‘zbekiston va yana Germaniya sharafi uchun kurashgansiz. Qachondir nemis jamoasining bir qismi bo‘laman, deb o‘ylaganmidingiz?

— Men nemis jamoasining bir qismi bo‘lganman, lekin har doim O‘zbekiston mening vatanim deb bilganman. Men Germaniyadan minnatdorman, ular o‘g‘limni qutqarishga yordam berishdi: ularning gimnastika federatsisi bilan hamon yaxshi munosabatdaman. O‘g‘lim Alisher tuzalgach, men darhol yurtimga qaytdim va ular meni tushunishdi.

— Alisherga oqqon tashxisi qo‘yilganida u necha yoshda edi?

— Uch yoshga yaqinlashib qolgan edi. Biz bu dard nimadan paydo bo‘lganini bilmasdik. Ko‘pchilik meni farzandimni davolash uchun shug‘ullanishda davom etganimni yozadi. Lekin o‘shanda sabab boshqa edi: kuni bo‘yi kasalxonada qolaverganimda esim og‘ib qolar edi. Bu narsadan o‘tish, kasal bolalarni ko‘rish juda og‘ir edi. Afsuski, bolalar Germaniyada ham kasallikdan vafot etishadi. Zalda men bu tashvishlardan biroz chalg‘irdim.

— Germaniyadagi hayotingiz va ishingiz, nemis terma jamoasi safida chiqish qilishingiz qanday ro‘y bergan?

— O‘shanda men Kyolndagi klubda shug‘ullanar edim. 2002 yilda o‘g‘limga tashxis qo‘yilganidan bir hafta o‘tib, musobaqalar boshlandi. Unda qatnashgim kelmasdi, lekin erim [kurashchi Bahodir Qurbonov] bilan yaxshilab o‘ylab ko‘rib, Germaniyaga borish va davolash haqida ma'lumot olish kerak, degan to‘xtamga keldik. Bizda bunday imkoniyat bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmagan edik. Nemis klubi o‘g‘limizga kasalxonada joy topib berdi, Germaniyada ham joy taqchil. Davolash bahosi [120 ming yevro]ni aytishganda shoshib qoldim. Bizda hech qachon bunday pul bo‘lmagan. Kyoln jamoasi homiysi Toyota agar pulni to‘play olmasak, biz uchun to‘lab berishini bildirdi. Bizni o‘sha zahoti kasalxonaga yotqizishdi.

Biz Germaniyaga Moskva orqali uchdik. O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligi o‘g‘lim va erimga zudlik bilan viza rasmiylashtirishda ko‘mak berdi. Biz hammasini eslaymiz va bizga yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarga minnatdorchilik bildiramiz.

— Germaniyada qancha vaqt bo‘ldingiz?

— Kimyoterapiya bir yil cho‘zildi, so‘ngra ikki yarim yil tiklanishga ketdi. Besh yil mobaynida retsidiv yuz bermasligi uchun qon va tahlil topshirib yurdik. 

Oksana Chusovitina o‘g‘li Alisher bilan. Germaniya, 2006 yil
Foto:  Vladimir Rys/Bongars/Getty Images

— Alisher tuzalganini 2008 yilgi Pekin olimpiadasida kumush medal qo‘lga kiritgan kuningizning ertasiga bildingizmi?

— Ha, bu hayotimdagi eng baxtli kunim. Hattoki Olimpiada medali farzandingning sog‘lig‘iga teng kela olmas ekan. Beshta oltin medal ham!

— Alisher ham sport bilan shug‘ullanadimi?

— U basketbolni yaxshi ko‘radi, kichik bolalarni shug‘ullantiradi. U hozir Germaniyada oliy maktabni tamomlamoqda. Unga Germaniya yoqib qoldi, hozir u 20 yoshda, qayerda yashashni o‘zi tanlaydi. U matematika va sport o‘qituvchisi bo‘lmoqchi.

— Asosiy ishingizdan tashqari jamoat ishlari bilan ham shug‘ullanasiz. Shu haqda hikoya qilib bering.

— Hozir bu ish bilan jiddiy shug‘ullanish uchun vaqtim chegaralangan, lekin katta sportdan bo‘shashim hamonoq bolalar sportini rivojlantirish bilan astoydil shug‘ullana boshlayman. Biz Toshkentda bolalar klubini ochdik. Imkon qadar ko‘proq bolalar sport bilan shug‘ullanishini istayman.

— Klubni qachon ochdingiz?

— Yaqinda. Uni kengaytiryapmiz, ko‘proq bolalar qatnashishiga intilyapmiz. Men bolalar sport gimnastikasi va boshqa sport turlari nima ekanligi bilishlarini istayman. Qanchalik ko‘p bolalar sport bilan shug‘ullansa, shunchalik sog‘lom avlod yetishib chiqadi. Erim bu ishda katta yordam bermoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning taniqli sportchilari sportni rivojlantirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlamoqda.

— Siz O‘zbekiston prezidentini tilga oldingiz. U bilan sportni rivojlantirish haqida shaxsan gaplashganmisiz?

— Yo‘q, qarorlar, ruxsatlar chiqmoqda. Bunaqa «ruxsat»lar bo‘lganida vazirlik ham yordam bera boshlaydi. Biz o‘zimiz istagan yo‘nalishda sportni rivojlantirishga imkon yaratilayotgani juda yoqimli.

— Xayriya bilan shug‘ullanasizmi?

— Taassufki, xayriya tadbirlarining hammasida ham qatnasha olmayman, lekin bugun [16 oktabr] onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga bag‘ishlangan xayriya kechasiga boraman. Kimgadir yordam kerakligini ko‘rsam, davolanishiga mablag‘ yig‘ilayotgan bo‘lsa, men doim yordam berishga harakat qilaman — imkonim yetgan mablag‘ni o‘tkazib beraman. O‘zim buni boshimdan kechirganman va bu qanchalik og‘irligini bilaman.

— Rossiya nomidan qatnashish uchun hech taklif olganmisiz?

— Yo‘q, hech qachon.

— Sizga O‘zbekistonda qanday munosabatda bo‘lishlarini gapirib berdingiz. 1990-yillarda qanday bo‘lgan? Sovet ittifoqi tarqagach, respublikada ruslar soni o‘z-o‘zidan to‘rt martaga kamaymagan, ularni sig‘dirishmagandir?

— Balkim boshqalarga shunday bo‘lgandir, lekin men hech qachon ruslarni sig‘dirishmayotganini sezmaganman. Menimcha, bizning mamlakatimiz eng totuv mamlakat bo‘lsa kerak. Menga doimo o‘zlarinikidek munosabatda bo‘lishgan. Do‘stlarim — musulmonlar, o‘zbeklar, koreyslar — ularning hech biri shikoyat qilmagan. Agar sen ishlasang va band bo‘lsang, o‘zingni har qanday davlatda erkin sezasan. Dangasa bo‘lsang, o‘z-o‘zidan atrofingdagi barcha narsadan shikoyat qila boshlaysan.

— Siz 1992 yilda Olimpiada oltin medal yutgansiz, 2008 yilda Germaniyaga kumush olib bergansiz. Hozirgi bosh maqsadingiz O‘zbekiston uchun medal yutish. Shunday emasmi?

— Bu mening orzum! Yagona qolgan azaliy orzum. O‘zbekiston — mening Vatanim. Vatanim men uchun ko‘p narsa qildi, bu yerda mening hamma narsam bor: butun umrimni o‘tkazdim, bolaligim o‘tdi, turmush o‘rtog‘im, do‘stlarim shu yerda, farzandim shu zaminda dunyoga keldi. Orzumni amalga oshirib, menga muxlislik qiluvchi xalqimni xushnud etmoqchiman. O‘zbekistonda chiqishlarimni olqishlovchi, ko‘nglimni ko‘taruvchi muxlislarim juda ko‘p.

Oksana Chusovitina 2008 yil Pekinda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari badiiy gimnastika sport musobaqasi ayollar o‘rtasidagi sakrash turniri taqdirlash marosimida. Pekin, 2018 yil 17 avgust
Foto: AFP /LLUIS GENE

— Rossiyada ham ko‘p sportchilar vatanparvarlik haqida gapirishadi, lekin ularning kostyumlari yoqasida Davlat dumasi deputati nishoni turadi. Sizni siyosatga chorlashmaganmi?

— Siyosat — men uchun emas. Inson o‘zining qo‘lidan keladigan ish bilan shug‘ullanishi kerak. Men o‘zim hech narsani tushunmaydigan joyda g‘alati ahvolda ko‘rinishni istamayman. Men sport yo‘nalishi bo‘yicha borib, bolalar va o‘smirlar sportini rivojlantirishim, terma jamoamizga yordam berishim mumkin, lekin siyosat haqida o‘ylab ham ko‘rmaganman. Oliy Majlisga saylovda qatnashish uchun takliflar bo‘lgan, men darhol rad etganman. Aktyorga rol o‘ynashi, artistga qo‘shiq aytishi uchun kerak bo‘lganidek, buning uchun ham maxsus bilim kerak. Har bir ishga o‘qish kerak. Men esa o‘zim bir umr o‘qigan narsani qilishni istayman.

— Lekin qachondir sportdan ketishga to‘g‘ri keladi-ku? Og‘ir bo‘lsa kerak o‘shanda?

— Yo‘q, bo‘lmaydi. Men hozir zalda avvalgidek ko‘p vaqt sarflamayapman. Ertalab uch soat shug‘ullanaman. Avvallari sutkasiga sakkiz soat mashq qilardim. Hozir qolgan vaqtimni klubimga, bolalarga [sport klubi tarbiyalanuvchilariga], oilamga bag‘ishlayman. Mening sportdan boshqa, shug‘ullanishim lozim bo‘lgan ishlarim juda ko‘p. Sport — endilikda men uchun xobbi.

Agar charchasam yoki yutqazishni boshlasam kareramni bamaylixotir yakunlashim mumkinligi haqida allaqachon o‘ylab bo‘lganman.

— Qanday qilib, qachon ketish va buni qay tariqa chiroyli tarzda amalga oshirish kerak?

— Chiroylisi albatta medal bilan bo‘ladi. Bu — sport, oldindan hech narsani aytib bo‘lmaydi. Lekin orzumga erishish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qilaman.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top