14:47 / 24.10.2019
0
4820
Navoiyda «Mehribon yurak» xayriya aksiyasi o‘tkazildi – foto

Aksiyadan ko‘zlangan maqsad yurak xastaligidan aziyat chekayotgan bolalarni davolash, zarur bo‘lsa jarrohlik amaliyoti o‘tkazish orqali sog‘lom hayotga qaytarishdan iborat.

Navoiy viloyati bo‘ylab ezgulik, yaxshilikka yo‘g‘rilgan «Mehribon yurak» xayriya aksiyasi e'lon qilingan bo‘lib, u respublikada, xorijda ta'lim olayotgan o‘zbek yoshlari tomonidan ham iliq kutib olindi va targ‘ib qilindi.

Viloyatda uch yuz nafarga yaqin bolaning yurak xastaligidan aziyat chekayotganligi, ularning aksariyati kam ta'minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandi ekanligi mazkur aksiyaga turtki bergan edi. Undan ko‘zlangan maqsad mazkur bolalarni davolash, zarur bo‘lsa jarrohlik amaliyoti o‘tkazish orqali sog‘lom hayotga qaytarishdan iborat.

Navoiy viloyat hokimligi, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining «Mehribon yurak» xayriya aksiyasi ming-minglab xayrixohlarni o‘z atrofiga birlashtirmoqda.

Italiyaning «Sorin» firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiyot jihozidan dunyodagi yetakchi tibbiyot muassasalarining shifokorlari yurak jarrohligida keng foydalanishadi. Bunday uskunalar bilan dastlab poytaxtdagi klinikalar ta'minlangan bo‘lsa, bugungi kunda Namangan, Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi tibbiy muassasalarda ham uning yordamida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur uskuna Navoiy viloyatiga ham olib kelindi. Jarrohlik amaliyotlari mutlaqo bepul amalga oshiriladi. Homiylik mablag‘lari yurak xastaligiga chalingan bolalarni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash va keyingi muolajalarga yo‘naltiriladi.

Bugungi kunga qadar aksiya doirasida Navoiy viloyatining tuman va shaharlaridan kelgan yoshlarning 20 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va shifokorlar tomonidan xulosalar berildi, 8 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, ixtiyoriy beg‘araz qon topshirish aksiyasida ham 200 nafardan ortiq turli soha xodimlari, yoshlar ishtirok etgani quvonarli.

Loyiha doirasida yurish marafoni, sport musobaqalari, rasmlar tanlovi kabi o‘nga yaqin targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Minglab yoshlar, keng jamoatchilik ishtiroki ta'minlandi. Nuroniylar va yoshlarning Xiva shahriga sayohati ham aksiya doirasida tashkil etildi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li tayyorladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top