15:41 / 25.10.2019
1
6997
Yaponiyada saylovchilarga sovg‘alar bergan vazir iste'foga chiqdi

Issu Sugavara shu yilning sentyabrida Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri etib tayinlangan edi.

Foto: AFP/Getty Images

Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Issu Sugavara saylov qonunchiligini buzishda gumonlanganidan so‘ng iste'foga chiqdi. Bu haqda BBC News xabar berdi.

Yaponiya OAVning xabariga ko‘ra, vazir Tokioda o‘z saylovchilariga qimmat qovunlar, apelsinlar, treska ikrasi va asalari suti hamda pul bergan. Yapon qonunlariga ko‘ra, siyosatchilar saylovchilarga sovg‘a berishi taqiqlanadi.

Shukan Bunshun jurnalining yozishicha, vazir yaqinda vafot etgan siyosatchi tarafdori oilasiga  20 ming iyen (185 dollar) jo‘natgan.  

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe Sugavarani vazirlikka tayinlagani uchun javobgar ekanligini aytdi.

"Yapon xalqidan uzr so‘rayman", - dedi u.

The Japan Times gazetasining qayd etishicha, 57 yoshli Sugavara shu yilning sentyabrida vazirlikka tayinlangan edi.

 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top