23:16 / 29.10.2019
1
21642
Toshkentda yashayotgan viloyatliklar o‘nga yaqin hujjatlarni poytaxtning o‘zida olishi mumkin bo‘ldi

Endilikda fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (FHDYo) haqidagi ma'lumotlarni respublikaning istalgan davlat xizmatlari markazi orqali olish mumkin.

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

O‘zbekiston fuqarolari tug‘ilish, nikoh, nikohdan ajralish, o‘lim, yolg‘iz ona, otalikni belgilash, ma'lumotlar mavjud yoki mavjud emasligi haqida va boshqa FHDYo ma'lumotlarini o‘zlari istagan DXMdan olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Davlat xizmatlari agentligining Toshkent shahar boshqarmasidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, 28 oktyabrdan boshlab ana shunday yangi tartib yo‘lga qo‘yilgan.

«Ya'ni Toshkent shahrida boshqa hududlardan kelib yashayotgan fuqarolarimiz yuqoridagi ma'lumotlarni olish uchun doimiy ro‘yxatda turgan viloyatiga bormasdan, Toshkent shahridagi istalgan DXM orqali olishlari mumkin», – deyiladi agentlik xabarida.

Belgilangan tartibga muvofiq, davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning 5 foizi (11 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top