23:08 / 30.10.2019
0
12509
Ekopartiya vakili «O‘zkimyosanoat» rahbarining bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida tanlanganiga izoh berdi
Odil Temirov

O‘zbekiston Ekologik partiyasi parlament saylovida g‘alaba qozongan taqdirda, bosh vazir lavozimiga «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov nomzodini ilgari surishini ma'lum qilgan edi.

30 oktabr kuni Xalqaro press-klub sessiyasida qatnashgan partiya vakili «yashillar» va kimyo sanoatining bir-biriga nomuvofiqligi borasida jamoatchilikda uyg‘ongan tanqidiy fikrlarga munosabat bildirdi.

«Birinchidan, Odil Temirov – partiyamiz a'zosi.

Ikkinchidan, partiyamiz saylovoldi kampaniyasida katta masalani qo‘ygan: biz sanoatni rivojlantiramiz. Shunday rivojlantiramizki, yangi innovatsion texnologiyalar asosida rivojlantirishimiz kerak.

Agar saylovlarda xalq bizga ishonch bildirib, ko‘p ovoz oladigan bo‘lsak, u kishini Bosh vazir lavozimiga ko‘taramiz va mazkur sohani yangidan modernizatsiya qildiramiz. Yangi texnologiyalar joriy qildiramiz.

Bitta misol. Rivojlangan mamlakatlar sanoatni rivojlantiramiz deb, o‘z aholisi salomatligiga qanchalik salbiy jihatlarni ko‘ryapmiz. Hattoki ayrim mamlakatlarda maktablargacha yopib qo‘yishga majbur bo‘lishdi. Biz esa bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Yangi, innovatsion, rivojlangan sanoat texnologiyalarini joriy qilishimiz, sanoatni rivojlantirishimiz kerak, lekin bu atrof-muhitga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak», – dedi Ekopartiya vakili.

Kun.uz O‘zbekistonda mavjud beshala siyosiy partiyalar rahbariyati bilan bog‘lanib, ular bosh vazir lavozimiga kimni nomzod sifatida ko‘rayotgani haqida ma'lumot olgan edi. Shundan so‘ng partiyalar ko‘rsatgan nomlar faqat ijro hokimiyati mulozimlaridan iborat bo‘lgani ham jamoatchilikda savol uyg‘otgandi.

«Nima uchun siyosiy partiyalar o‘z liderlarini bosh vazir lavozimida ko‘rmayapti?» deya XPK sessiyasida berilgan savolga partiya vakillari javob berib o‘tdi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakili: «Savol juda o‘rinli. Bu savol ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p aylandi. Birinchidan, [Abdulla Aripov] – partiyamiz tashkil topganidan beri uning faol a'zosi. Ikkinchidan esa, siyosiy kengashning 85 a'zosidan biri».

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili: «To‘g‘risini aytish kerak, hozirgi bosh vazirimizning ham tajribasi katta. Xuddi shunday, biz taklif qilishimiz ehtimoli bo‘lgan nomzodlarimiz [Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va boshqalar] ham bosh vazir kabi hayotiy, kasbiy tajribaga ega bo‘lishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun hozir biz bu masalani aniq qilib ko‘tarmayapmiz, vaqt ko‘rsatadi.

Saylov yakunlari bo‘yicha o‘z nomzodlarimizni ko‘rsatishimiz mumkin. Nomzod sifatida partiyamiz liderini ham ko‘rsatishimiz mumkin. Lekin bu masala faqatgina siyosiy kengashning yakuniy qarori bilan amalga oshiriladi».

Xalq demokratik partiyasi vakili: «Savol juda o‘rinli. XDP bosh vazirlikka ko‘rsatayotgan nomzodiga e'tibor bersangiz, juda ham malakali, tajribali, O‘zbekiston qahramoni.

Partiyamizning bevosita o‘tgan davrdagi faoliyatini hisobga olib, mana shunga qaror qildik. Agar saylovlarda g‘alaba qozonsak, bosh vazir lavozimiga Ochilboy Ramatovni ko‘rsatishga qaror qilganmiz».

Ekologik partiya vakili: «Haqiqatan, o‘rinli savol. Biz ko‘rsatgan nomzodlar bugun nafaqat ishlab chiqarish jarayonida, shu bilan bir qatorda partiyamizning siyosiy kengashida, siyosiy jarayonlarda ishtirok etib borishmoqda».

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi bosh vazir lavozimi uchun zaxira kadrlari tarkibini ochiqlamagani uchun, partiya vakili mazkur savolga javob bermadi.

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top