08:07 / 30.10.2019
0
3911
Kunduzgi shifoxonalar faoliyatidagi kamchiliklar ma'lum qilindi
Foto: Fotolia

Qonunchilik palatasi deputatlarining o‘rganishlariga ko‘ra, kunduzgi shifoxonalardan yetarlicha foydalanilmayotgani, ayrim oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxonalar uchun xona yetishmasa, boshqalarida turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkillashtirilmagani aniqlandi. 

Kunduzgi statsionar shifokorlarining vazifasi bir xil bo‘lishiga qaramasdan shtat miqdorini belgilashda bir xil yondashuv mavjud emas. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi shifokorlar faoliyatidagi muammolar, kunduzgi shifoxonalar faoliyati muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. 

Unda ma'lumot berilishicha, ayni paytda aholiga shaharlarda oilaviy poliklinikalar, tumanlarda esa qishloq oilaviy poliklinikalari xizmat ko‘rsatmoqda va ularda kunduzgi statsionar nazorati tashkil qilingan. 

Kunduzgi statsionarlarda muolaja olish bilan bemorning vaqti va mablag‘i tejaladi, ovoragarchilikning oldi olinadi, bundan tashqari, xasta odam kunduzgi shifoxonada doimiy holidan xabar oluvchi shifokori va patronaj hamshirasining nazoratida bo‘ladi. 

Biroq Qonunchilik palatasi deputatlarining o‘rganishlariga ko‘ra, kunduzgi shifoxonalardan yetarlicha foydalanilmayotgani, ayrim oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifoxonalar uchun xona yetishmasa, boshqalarida turli sabablar bilan shifo o‘rinlari tashkillashtirilmagani ham yig‘ilishda ma'lum qilindi. 

«Kunduzgi statsionar shifokorlarining vazifasi bir xil bo‘lishiga qaramasdan shtat miqdorini belgilashda bir xil yondashuv mavjud emas. Xususan, qishloq tumanlaridagi ko‘ptarmoqli markaziy poliklinika, Toshkent shahridagi oilaviy poliklinika va qishloq oilaviy poliklinikalarida kunduzgi shifoxonalar uchun 20 ta shifo o‘rni bo‘lganda 1 shtat, shahardagi oilaviy poliklinikalarda esa 25 ta shifo o‘rni bo‘lganda 1 shtat vrach va hamshira ajratilishi ko‘rsatilgan. 

Biroq deputatlarimiz tomonidan ko‘pgina poliklinikalarda 4-6 ta shifo o‘rinlari tashkil qilingan. Va ularga faqat 0.25 yoki 0.5 stavka ajratilishi ko‘zda tutilgan. Natijada samaraga erishish qiyin bo‘lmoqda», - deya ta'kidladi qo‘mita a'zosi O‘tkir Tursunov. 

O‘tkir Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, joylardagi oilaviy poliklinikalarda 20 ta shifo o‘rnini tashkil qilishga ham ehtiyoj yo‘q, aslida. Imkoniyatdan kelib chiqib tashkil etilgan shifo o‘rinlaridan samarali foydalanilsa, barcha bemorlarga xizmat ko‘rsatish imkoni oshgan bo‘lardi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top