17:00 / 31.10.2019
0
10268
Meva-sabzavot eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 oktabr kuni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, soliq-budjet siyosati, davlat budjetining joriy yilda kutilayotgan ijrosi va 2020 yilga mo‘ljallangan parametrlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda inflatsiya darajasiga (16 foiz) ta'sir etayotgan yana bir omil mahsulotlar tannarxi yuqoriligi ekani qayd etilgan. Shu bois mutasaddilarga davlat ulushi bo‘lgan barcha korxonalarda mahsulot tannarxini tahlil qilib, quvvatlarni modernizatsiya qilish va kengaytirish, zarur hollarda xususiy sektorga berish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan. 

Kelgusi yilda 153ta yirik investitsiya loyihasini shunchaki foydalanishga topshirish emas, balki raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarib, yalpi ichki mahsulot hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirish muhimligi qayd etilgan.  

«So‘nggi yillarda tashkil etilgan 23ta korxona past quvvatlarda ishlayotgani, rejalashtirilgan ayrim loyihalar o‘z vaqtida faoliyat boshlamagani tanqid qilindi. 

Vazirlar Mahkamasiga iqtisodiy o‘sish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan, budjetga tushumlarni ko‘paytiradigan investitsiya loyihalarini shakllantirishga mas'ul bo‘lgan doimiy Ishchi komissiya tuzish, investitsiya loyihalari va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ijrosini muhokama qilib borish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda eksport tarkibi, tashqi bozordagi talab va yurtimiz korxonalarining undagi o‘rni chuqur tahlil qilindi. 

O‘zbekiston eksportining 50 foizidan yuqorisini hanuzgacha gaz, oltin, kumush, mis, rux, polietilen kabi xomashyolar tashkil etayotgani, arzon xomashyo mavjud bo‘lgan tarmoqlar bo‘yicha ishlab chiqarish va eksport yetarlicha yo‘lga qo‘yilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. 

Masalan, mamlakatimizda charm-poyabzal eksporti bo‘yicha kamida 1,5 milliard dollarlik salohiyat bo‘lsa-da, hozirda bu boradagi ko‘rsatkich 200 million dollarga ham yetmaydi. 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga terini chuqur qayta ishlab, ayollar poyabzallari va sumkalari, sport anjomlari va boshqa tayyor charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali eksport hajmini 2 barobar oshirish vazifasi qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti so‘nggi ikki yilda 2 barobarga oshib, 1 milliard 600 million dollarga yetgan bo‘lsa ham, uning deyarli yarmini ip-kalava tashkil etmoqda.

Shu bois Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasiga eksportda tayyor mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Yana bir tahlil: dunyoda meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozori 205 milliard dollarni tashkil etadi. O‘zbekistonning bu bozordagi ulushi esa bir foizga ham yetmaydi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi va «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasiga meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55ta tumanda ekinlarni to‘g‘ri joylashtirish, «mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash yoki qayta ishlash – eksport» zanjirini yaratuvchi kooperatsiyalar tashkil etish orqali eksport hajmini bosqichma-bosqich 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Mashinasozlik va elektrotexnika tovarlarining qo‘shilgan qiymati yuqori, dunyoda ularga doimiy talab ham bor. Lekin tarmoq korxonalari bu imkoniyatdan to‘la foydalanmayapti. Shundan kelib chiqib, soha mutasaddilariga qo‘shni davlatlar bilan savdoni rivojlantirish, eksport hajmini 2-3 barobar oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Oxirgi uch yildagi faol investitsiya oqimi tufayli soha va hududlarga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgani qayd etilar ekan, jalb qilinayotgan har bir dollarning natijadorligiga asosiy e'tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

«Barcha rahbarlar aniq bilib olsin – qat'iy hisob-kitob, texnik-iqtisodiy asoslarsiz biror bir loyihani moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi», – dedi Prezident. 

Bosh vazir rahbarligida tashqi qarz hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar natijadorligini nazorat qilish bo‘yicha komissiya tashkil etib, mas'ul idoralarning hisobotini qabul qilish zarurligi ta'kidlandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top