08:36 / 31.10.2019
0
14031
Xususiy notariuslarga litsenziya berish tartibi ma'lum bo‘ldi
Foto: 123RF

Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Belgilanishicha, davlat notarial idoralarda notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

75 foizi – tumanlar va shaharlar budjetlari daromadiga;

15 foizi – budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirishga;

10 foizi – mablag‘larni adliya organlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida jamlash yo‘li bilan davlat notarial idoralari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlarni moliyalashtirishga. Bunda, mazkur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasining daromad va xarajatlari o‘rtasidagi salbiy tafovutni qoplash uchun ham yo‘naltirilishi mumkin.

Nodavlat notarial idoralarda notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

75 foizi – tumanlar va shaharlar budjetlari daromadiga;

15 foizi – budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasini shakllantirishga.

10 foizi – xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning bankdagi hisobraqamiga yo‘naltirib, o‘z ixtiyorida qoldiriladi.

Quyidagilar davlat notarial idoralarini va idoraviy notarial arxivlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan undiriladigan davlat boji summasidan ajratmalar;

davlat notarial idoralari notariuslari tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun tushumlar;

idoraviy notarial arxivlar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga notarial tasdiqlangan hujjatlar dublikatlarini, reyestrlardan ko‘chirmalarni, shuningdek ma'lumotnomalarni va arxiv hujjatlarining nusxalarini berganlik uchun to‘lovlar summasi;

gerb yig‘imidan tushadigan mablag‘larning bir qismi;

budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari.

Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini moliyalashtirish manbalari notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat boji summasining xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusda qoladigan 10 foizi va ular tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun tushumlar hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirida:

notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun maksimal haq miqdorlarini tasdiqlash;

davlat notarial idoralari tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat bojlari summasining adliya organlarining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga tushadigan 10 foizi miqdoridagi bir qismini notarial idoralar va idoraviy notarial arxivlar faoliyatini takomillashtirish tadbirlarini moliyalashtirishga, shuningdek notarial idoralar va idoraviy notarial arxivlar ta'minoti uchun ayrim mintaqalar o‘z mablag‘larining yetishmagan qismini qoplashga maqsadli yo‘naltirgan holda Adliya vazirligida jamlash huquqi saqlab qolinadi.

Belgilanishicha:

nodavlat notariat faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan malaka imtihoni topshirilgan kundan boshlab bir oy mobaynida beriladi. Bunda, davlat notarial idoralari notariuslarini tanlov asosida tayinlash tartibi saqlab qolinadi;

faoliyat yuritayotgan notariuslarga ularning arizasiga asosan malaka imtihonlari topshirmasdan nodavlat notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalar beriladi.

Nodavlat notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilanadi.

Davlat boji summalari qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda budjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Belgilanishicha, xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxslar ularning litsenziya berish to‘g‘risidagi arizalari ko‘rib chiqilganligi uchun tegishli adliya organlariga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im to‘laydilar.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top