21:00 / 08.11.2019
0
10901

Oksana Chusovitina sport faoliyatidan keyin nima bilan shug‘ullanmoqchiligini ma'lum qildi 

Foto: Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

Sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiada chempioni Oksana Chusovitina sport faoliyatini yakunlagach, bolalar uchun gimnastika maktabini ochishni rejalashtirmoqda. Nomdor sportchi bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga intervyusida aytib o‘tdi.

44 yoshli sportchimiz oktyabrda Shtutgardda (Germaniya) o‘tgan jahon chempionati natijalariga ko‘ra, 8-marta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Gimnastikachi sport faoliyatini hali yakunlamagan bo‘lsa-da, o‘z ismini Ginness rekordlar kitobi va Xalqaro gimnastika shon-sharaf zaliga yozdirib qo‘ydi.

“Olimpiadaga litsenziya olib bo‘ldim va endi shoshilmasdan tayyorlanishimdan xursandman. Endigi ishtirokimni yanvarda bo‘ladigan Jahon kubogi bosqichlaridan boshlayman. Aynan ushbu musobaqalar tayyorlab qo‘ygan murakkab elementlarimni Tokio Olimpiadasigacha sinab ko‘rish va ularni shakllantirish uchun yaxshi imkoniyat beradi”, deb aytgan sportchi.

Chusovitina Tokio Olimpiadasiga tayyorlanish vaqtida asosan tiklanish mashg‘ulotlariga e'tibor qaratadi. “Oilamga ko‘proq vaqt ajratmoqchiman va albatta, yaxshilab dam olib, kuch yig‘ib, tiklanib olmoqchiman”, deb ta'kidlab o‘tgan sportchi. 

“Avval ma'lum qilganimdek, Tokio Olimpiadasi men uchun so‘nggi musobaqa bo‘ladi. Ammo bu meni sport bilan shug‘ullanmaydi, degani emas. Hozirda bolalar uchun o‘z sport klubimni ochish ishlari bilan bandman. Kelajakda gimnastikani respublikamizning barcha viloyatlarida yanada rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman”, deb qo‘shimcha qilgan Chusovitina.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top