18:20 / 12.11.2019
15
45907
Kirish imtihonlariga majburiy fanlar nega qo‘shildi? DTM boshqarma boshlig‘i izoh berdi

Prezidentning may oyidagi qaroriga asosan, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlar OTMga kirish uchun 5ta fandan imtihon topshiradi.

Savollar majmuasining birinchi bo‘limiga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3ta fan: ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari kiritiladi. Ikkinchi bo‘limdagi savollar esa tanlangan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan iborat bo‘ladi.

Majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari uchun 2,1 baldan (jami 94,5), ta'lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari uchun 3,1 baldan (jami 186) berilishi nazarda tutilmoqda. Bunda abituriyent to‘plashi mumkin bo‘lgan umumiy ball 280,5ni tashkil qiladi.

Kun.uz muxbiri yangi tartib yuzasidan to‘liqroq ma'lumot olish uchun Davlat test markazi boshqarma boshlig‘i Sevara Zuparxodjayeva bilan suhbatda bo‘ldi.

Sevara Zuparxodjayeva

– Test tizimiga bunday o‘zgartish kiritilishining asosiy sababi nima?

– Biz xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda ulardan imkon qadar ta'lim tizimimizga mos bo‘lgan va ta'limimizning rivojlanishiga hissa qo‘sha oladigan jihatlarni o‘zlashtirishga harakat qilyapmiz. Jumladan, o‘tgan 2017-2019 o‘quv yilida DTM xodimlari  Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi bir qancha davlatlarda bo‘lib, ularning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilish tizimini o‘rganib chiqdi.

Ayrim xorijiy davlatlar tajribasida kirish imtihonlariga ona tili va matematika kiritilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Yoki Turkiya kabi boshqa qator davlatlarda davlat tarixidan imtihon topshirish belgilab qo‘yilgan.

Bizda ham matematika, ona tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan kirish imtihonlarida majburiy test olinishining asosiy maqsadlaridan biri – bitiruvchilarning dunyoqarashini kengaytirishdir.

Oxirgi yillarda abituriyentlar orasida maqsadli kirish imtihonlariga tayyorlanganda, afsuski, faqat 2ta, hatto faqat birinchi blokdagi fanni yaxshi o‘zlashtirib, talaba bo‘laman, degan qarash shakllanib qoldi.

Uchinchi blokdagi fandan tayyorlanmasdan ham, tavakkalchilik asosida talaba bo‘lganlar ham bor. Ularni omadi kelganlar deb atashimiz mumkin. Shuningdek, tavakkalchilarni «stolbachilar» deb ham atashadi.

Bu yerda yangilik o‘quvchilarimiz faqat bitta fannigina o‘rganib, OTMga kirishini emas, balki ularning dunyoqarashi kengroq bo‘lishiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ular umumta'lim maktablarida o‘qitiladigan  fanlarni teng ravishda o‘rganib borishlari kerak.

Testlar davlat tomonidan belgilab qo‘yilgan reja va dastur asosida tuziladi. Abituriyentdan esa fanlarga bir xil yondashib tayyorlanish talab qilinadi.

Albatta, o‘quvchilar yuqori sinflarda chuqurlashtirilgan holda o‘ziga kerakli fanni o‘rganishi mumkin. Lekin bola umumta'lim maktabida belgilangan dasturni o‘rganib, to‘laqonli har tomonlama rivojlangan bo‘lib maktabni bitirishi zarur. Mana shu nuqtayi nazardan, xorijiy tajribani o‘rgangan holda va bitiruvchilarimizning dunyoqarashi har tomonlama keng bo‘lishi lozimligini inobatga olib, OTMlarga kirish imtihonlariga majburiy fanlar bo‘limi qo‘shildi.

Davlat test markazi 5ta fan yuzasidan loyiha ishlab chiqib, uni ishchi guruh muhokamasidan o‘tkazdi. Ishchi guruh tarkibida Oliy ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi mas'ul xodimlari ishtirok etishgan. Bundan tashqari, 17ta qator tegishli vazirlik va idoralarga ham loyihani yuborib, ularning ham takliflarini oldik.

Bunda biz bola maktabda o‘tilgan fanlarni o‘qisin, o‘rgansin degan maqsadni ko‘zda tutganmiz. Bu, shuningdek, tavakkalchilikning oldini olishga ham qaratilgan.

– Kirish imtihonlariga majburiy fanlardan test topshiriqlarining kiritilishi bilan abituriyentlarning dunyoqarashini kengaytirish fikri qanchalik asosli va kelajagi bor deb o‘ylaysiz?

– Bunda faqat testning o‘zini nazarda tutish kerakmas, chunki bola testga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham fanni mas'uliyat bilan o‘rganishi kerak bo‘ladi. 

Qo‘shimcha 3ta fandan test topshirilishi ko‘pchilikka yangilik va o‘ta qiyinday tuyulmoqda. Biroq majburiy fanlar bo‘limidagi testlar, avvalo, o‘quv dasturlariga binoan va ancha sodda tarzda, abituriyentning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltirilgan, birinchi qiyinlik darajasida bo‘ladi.

– Ba'zi yo‘nalishlarda majburiy va asosiy blok fanlarida takroriylik kuzatilishiga guvoh bo‘lyapmiz. Masalan, Iqtisodiyot universitetida o‘qishni xohlagan abituriyent matematika fanidan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ham, majburiy fanlar bloki doirasida ham test ishlaydi. Lekin tibbiyot yo‘nalishiga topshirgan bolada bunday imkon bo‘lmaydi. Bu abituriyentlar o‘rtasida tengsizlik kelib chiqishiga sabab bo‘lmaydimi?

– Aytishim mumkinki, matematika juda ko‘p fanlar uchun asos bo‘lishini bilamiz. Bu fan insonni fikrlashga o‘rgatadi. Uni yaxshi bilgan bola kimyo, fizika va hatto ona tilidagi savolni ham ishlay oladi.

Garchi bitta fan takrorlansa-da, lekin ularning qiyinlik darajasi bir-biridan farq qiladi. Masalan, majburiy blokdagi tarix fani savollari birinchi qiyinlik darajasida bo‘lsa, yo‘nalish fanlar blokidagi testlar esa ikkinchi va uchinchi murakkablik darajasidagi savollardan iborat bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top