17:10 / 22.11.2019
12
48900
«Narxoz» 5 kunlik ta'lim tizimiga o‘tmoqda, universitetda majburiy forma bekor qilindi

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari 25 noyabr kunidan haftasiga besh kun o‘qiydi.

«Xalq so‘zi Online» xabar berishicha, bugun, 22 noyabr kuni universitetning yangi rektori Kongratboy Sharipov professor-o‘qituvchilar ishtirokidagi yig‘ilishda oliy ta'lim muassasida joriy etilayotgan yangi tartib haqida ma'lum qilgan.

Endilikda, 25 noyabr - keyingi haftaning dushanba kunidan boshlab universitetda o‘qish haftasi besh kunlik etib belgilandi va majburiy forma ham butunlay bekor qilindi.

«Endi talabalar o‘qishga istalgan kiyimida kelishi mumkin. Hech kim ularni ko‘ylak kiyishga, galstuk taqishga majburlamaydi», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, noyabr boshida iqtisodiyot universitetida «katta tozalash» ishlari boshlangani haqida xabar berilgan edi. Universitetning avvalgi rektori Bahodir Hodiyev ishdan olinib, uning o‘rniga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Kongratboy Sharipov tayinlangandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top