22:20 / 01.12.2019
2
38269
Gruziyaga sayohat: mezbonidan mehmoni bisyor yurt

Ba'zi davlatlarga purviqor tog‘larni ko‘rish uchun, ba'zilariga dengiz havosidan bahramand bo‘lish uchun boriladi. Ayrim davlatlar oshxonasi bilan sayyohlarni jalb qilsa, ayrimlari tarixiy yodgorliklari bilan mashhur. Bularning barchasidan birvaravayiga bahra olishni istaganlar esa Gruziyani tanlaydi. Ha, Kavkaz tog‘lari bilan o‘ralgan, sohillarini Qora dengiz yuvib turadigan Gruziya sayyohlarni maftun etishi bilan har qancha maqtansa arziydi.

Gruziya ancha uzoq o‘tmishga ega. Eramizdan 1,5 mln yil avval ham bu hududlarda insonlar yashagani qayd etilgan. Mamlakat poytaxti Tbilisi shahriga asos solinishi (458 yil) hukmdor Vaxtang Gorgasal I nomi bilan bog‘lanadi. Emishki, hukmdor ov qilib yurganda qirg‘ovulni uchratadi va uni nishonga olib, yaralaydi. Yarador qirg‘ovul shu yaqin atrofdagi buloqqa uchib qo‘nadi, uning suviga kirib chiqqanida yaradan asar ham qolmaydi. Bu ajoyibotga guvoh bo‘lgan Vaxtang esa buloq atrofida shahar bunyod etishni amr qiladi. Bu shu hududda Tbilisi (avvalgi Tiflis ─ issiq so‘zidan kelib chiqqan) shahri bunyod etilishiga sabab bo‘lgan oltingugurtli shifobaxsh buloq edi.

Turistlar uchun barcha sharoitlar mavjud

Gruziya aholisi 3 mln 800 mingga yaqin kishini tashkil etadi.

Hayratlanarlisi, bu mamlakatga bir yilda tashrif buyuradigan sayyohlar soni aholiga qarganda ko‘p ─ naq 5 mln! Mezbonidan mehmoni ko‘p yurt! Shunga yarasha sayyohlar uchun kerakli barcha sharoitlar, infratuzilma yaratilgan: deyarli har bir qadamda valuta ayirboshlash shoxobchasi mavjud, buning uchun hech qanday hujjat ham talab etilmaydi. Cho‘ntakka qarab odmi hostellarni ham, hashamdor mehmonxonalarni ham qiyinchiliksiz topish mumkin.

Bayroqlar, cherkovlar, haykallar yurti

Gruziya ham O‘zbekiston kabi sobiq sovet ittifoqi tarkibida mustamlaka bo‘lib kelgan bo‘lsa ham, hozirgi kunda iqtisodiy jihatdan o‘zini ancha tiklab olgan. Yalpi ichki mahsulot hajmi 2019 yilda kishi boshiga 4469 AQSh dollarini tashkil etgan. Ko‘pincha mamlakatdagi ichki ahvol haqida yozg‘irib gapirib beradigan taksichilarni gapga solsangiz, uncha jiddiy siyosiy, iqtisodiy muammolar haqida gapirishmaydi. Shunga qaramay, hukumat siyosatiga norozilik kayfiyatini namoyish qilayotganlar ham topiladi.

Shahar bo‘ylab aylanib yurgan sayyoh bir fikrga kelishi aniq: Gruziyada qayerga tosh otmang yoki bayroqqa, yoki cherkovga, yoki haykalga tegadi.

Haqiqatan ham shaharlarda mamlakat bayrog‘ini har qadamda uchratish mumkin, hatto ko‘p qavatli uylarning derazasi oldida ham. Lekin gap bunda emas. Qizig‘i, deyarli hamma joyda, hatto rasmiy davlat idoralarida milliy bayroq bilan bir qatorda Yevroittifoq bayrog‘ini ham uchratish mumkin. Vaholanki, Gruziya Yevroittifoq a'zosi emas.

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat rasmiy doirasining Yevropa Ittifoqiga kirishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqi bilan bog‘liq.

Aholining aksariyat qismi nasroniylik diniga e'tiqod qilgani bois cherkovlarni juda ko‘p uchratish mumkin. Ularning orasida miloddan avvalgi asrlarda qurilganlari ham, o‘rta asrlarga taalluqli bo‘lganlari ham bor.

Ammo poytaxt Tbilisining musulmon aholi yashaydigan alohida qismi ham mavjud. Bu arxitekturada ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, haykallar ham juda ko‘p. San'at, adabiyot namoyandalariga, afsonaviy qahramonlarga, tarixda alohida iz qoldirgan hukmdorlar sharafiga bunyod etilgan haykallar atrofida sayyohlar doim gavjum bo‘ladi.

Mahalliy aholi bilan muloqotga kirishish muammo tug‘dirmaydi, katta avlod vakillari rus tilini, yoshlar esa ingliz tilini yaxshi bilishadi.

Har bir shahri alohida tarix

Gruziyaning eng diqqatga sazovor shaharlari Tbilisi, Suxumi, Batumi, Rustavi, Kutaisi. Poytaxt Tbilisining eski shahar qismida tarixiy yodgorliklar bisyor bo‘lsa, port shahar hisoblangan Batumi tabiati bilan diqqatga sazovor.

Kura daryosi bo‘yida joylashgan (hozirgi Gori shahri, bu yerda «xalqlar otasi» Stalin tug‘ilgan) Uplissixe qadimiy shahar-qal'asi esa haqiqiy tarixning bir bo‘lagi. Bu shahar qal'a eramizdan avvalgi ikkinchi ming yillikda otashparastlik davrida shakllangan bo‘lib, Gruziya madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shahar 700dan ziyod g‘orlardan iborat bo‘lgan, hozirgi kunga kelib, ularning 150tasigina saqlanib qolgan. Mamlakat tarixida o‘z adolatli siyosati bilan o‘chmas iz qoldirgan malika Tamaraning qarorgohi ham ushbu qal'ada joylashgan.

Xachapuri diyori

Gruzincha xachapurining dovrug‘i haqida eshitmagan odam kam topilsa kerak.O‘zimizning do‘konlarda, kafelarda tayyorlanadigan xachapurining pirojkidan uncha farqi yo‘q. Ta'mi og‘izda qoladigan xachapurini tatib ko‘rish uchun Gruziyaga borib kelsa arziydi.

Xachapuri ─ pishloq, tuxum solib pishiriladigan kulcha. Uni taomga qo‘shimcha sifatida ham, alohida ham tanovul qilsa bo‘ladi. Xachapuri Gruziyaning nomoddiy boyliklari qatoriga kiritilgan.

Umuman olganda, gruzin taomlari ziravorlarga juda boy, o‘tkir ta'mga ega, to‘yimli. Achchiq, sho‘r, nordon ta'mlar yaqqol ajralib turadi. Mamlakat tog‘li va suvli bo‘lgani uchun havosi salqin, aholi achchiq ta'mlarga ham yaxshi moslashgan. Shu bois, ziravor solinmaydigan taomni topishning iloji yo‘q.

Nafaqat gruzinlarning sevimli taomi, balki mamlakat iftixoriga aylangan yana bir taom ─ xinkali. Ko‘rinishidan o‘zbekona mantini eslatadi, lekin u bug‘da emas, suvda qaynatib pishiriladi. Taomga o‘zgacha xushta'mlik baxsh etadigan jihat ─ ichida sho‘rvasi saqlanib qolishi. Odatga ko‘ra, xinkalini «dumi»dan ushlab, qo‘lda yeyish kerak, sho‘rvasini esa to‘kib yubormaslik shart.

Turli sabzavotlar va grek yong‘og‘i aralashtiriladigan pxali, qaymoqli sousda tortiladigan tovuq ─ chkmeruli, o‘zbeklarning mastavasini eslatadigan xushta'm sho‘rva ─ xarcho, go‘shtxo‘rlar uchun ayni muddao bo‘lgan chashushuli ─ bularning barchasi gruzin oshxonasi ko‘rki bo‘lib, bir tatib ko‘rgach, anchagacha mazasini unuta olmaysiz.

Gruziyada shirinlik xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, sizga hech ikkilanmay churchxella xarid qilishni taklif etishadi. Bu ipga terilgan grek yong‘og‘ining ustidan turli meva sharbatini solib, quritib tayyorlanadigan shirinlik. Ham foydali, ham mazali.

Gruziyada gastroturizm yaxshigina rivojlangan, shu bois shaharning har qadamida bir-birini takrorlamaydigan atmosferaga ega oshxonalarni ko‘p uchratish mumkin. Eng muhimi, ovqat narxlari hamyonbop.

Umuman olganda, dam olishga qayerga borsam ekan, deb bosh qotiradiganlar uchun Gruziya juda yaxshi tanlov. Tbilisi ─ Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan, mablag‘ ko‘p ketmaydi, borish uchun ortiqcha hujjat (qizil pasport, viza) ham talab etilmaydi.

Saodat Abdurahmonova

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top