11:49 / 02.12.2019
0
11021
«Hududgazta'minot» Qibraydagi ommaviy zaharlanish holati yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi
Foto: KUN.UZ

«Hududgazta'minot» Qibrayda yuz bergan ommaviy zaharlanish holati yuzasidan rasmiy ma'lumot bilan chiqdi.

Joriy yilning 1 dekabr kuni Toshkent viloyati, Qibray tumanida bir oilaning 16 nafar a'zosi is gazidan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani, jabrlanganlarning 11 nafari bolalar ekanligi haqida xabar berildi.

Ushbu xabardagi ma'lumotlar yuzasidan, «Hududgazta'minot» AJ va «Hududgaz Toshkent» MChJning «Qibraytumangaz» filiali xodimlari xabarda e'lon qilingan, Qibray tumani, «Alisherobod» mahalla fuqarolar yig‘ini «Yangi tong» ko‘chasida joylashgan xonadonga vaziyatni o‘rganish uchun yetib borishdi. 

Mutaxassislar tomonidan xonadondagi barcha gaz jihozlari va quvurlari qat'iy nazoratdan o‘tkazilganda, xonadonda gaz sizib chiqishi va is gazidan zaharlanish holatlariga olib keluvchi sabablar mavjud emasligi aniqlangan. Faqat, xonadonga o‘rnatilgan isitish moslamasining joylashuvi tasdiqlangan texnik rejaga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirib olingani aniqlanib, darhol gaz ta'minotidan uzilgan. Xonadon egasi o‘zi istiqomat qiluvchi hududda gaz ta'minotida uzilishlar bo‘lmaganligi va gaz ta'minoti korxonasiga hech qanday e'tirozi yo‘qligini ma'lum qilgani aytiladi.

Surishtiruvlarda voqea bir kun avval yuz bergani, mehmondorchilik uchun xonadonga kelgan qarindoshlarning qo‘lbola konserva mahsulotlarini iste'mol qilishi natijasida 7 fuqaro jumladan, ikki ayol va 5 ta bola oziq-ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani aniqlandi, deyiladi ma'lumotda.

«Hududgazta'minot» gaz iste'molchilaridan xonadon va boshqa binolardagi gaz anjomlarida gaz sizib chiqish holatlari bor yoki yo‘qligiga muntazam e'tiborli bo‘lishlarini hamda ulardan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishlarini so‘ragan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top