23:56 / 09.12.2019
4
15575
Akmal Umrzoqov: «Matndan yulib olingan ma'lumotlar bilan o‘zimizga mahliyo bo‘lib yurardik»
Foto: Xalqaro press-klub

9 dekabr kuni Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida so‘z olgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Akmal Umrzoqov O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rniga e'tibor qaratdi.

«O‘zbekistonda investitsion muhit haqida gapirganda eng avvalo erkinlikni ta'kidlagan bo‘lardim. 

Shu bilan birga yana ayrim jihatlarni aytishni istagan bo‘lardim. To‘g‘ri, biz O‘zbekiston suveren reyting oldik, turli reyting agentliklari bizni e'tirof etyapti, deyishimiz mumkin, lekin bu reyting biz kutgan darajadami, degan savol tug‘iladi.

Tan olaylik, bizni reytinglardagi o‘rnimiz hali «A+» yoki «A» darajasida emas, eng o‘rta «B» darajalarda turibmiz.

O‘zbekiston boshlagan ochiqlik siyosatini davom ettirishi, o‘zi ishtirok etadigan va «Doing Business»dan boshqa, investorlar kuzatadigan reytinglarga ham e'tibor qaratishi kerak. Bu reytinglar e'tibor qaratadigan jihatlarni, talablarni yaxshiroq o‘rganaylik!

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan yuritiladigan iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 140-o‘rinda turadi.

«World justice project» tomonidan olib boriladigan huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston 2019 yil natijalariga ko‘ra, 94-o‘rinda qolmoqda.

Korrupsiya bo‘yicha Transparency International indeksida biz hattoki juda achinarli o‘rindamiz. Buni aytishga ham uyalaman.

Nega bularni aytayapman? Har qanday investor shu kabi reytinglarni ko‘rib turganda biz ilgarilari o‘zimizni aldab kelardik.

«World justice project»ni huquq ustuvorligi jihatida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha Singapurdan keyin ikkinchi o‘rinda turamiz, deb tekstdan yulib olingan ma'lumotlarni olib, o‘zimizga o‘zimiz mahliyo bo‘lib yurardik. Umumiy reytingda esa aytganimdek, 90-91-o‘rinlarda turardik. Bugun kamchiliklarimizni tan ola bilyapmiz.

Yana bir narsani qayd etish kerakki, prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilda «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Shuningdek, bu farmon bilan tasdiqlangan Investitsiyani rag‘batlantirishga oid Davlat dasturi qabul qilindi. Agar mana shu farmon va dasturlarga og‘ishmay amal qilinsa, o‘ylaymanki, bizga kirib keladigan investitsiya oqimi oshishda davom etadi.

Agar sohaga qarashimiz o‘zgarsa, O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi yanada oshadi», – deya Umrzoqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top