17:00 / 20.12.2019
0
5174
Yevropa jurnalida O‘zLiDeP faoliyati yoritildi

Sharq va G‘arb o‘rtasidagi aloqalarni bog‘lovchi Yevropa ijodiy gildiyasi (SRM Group) tomonidan Londonda 2009 yildan buyon har chorakda “OCA magazine” - jurnali nashr etiladi. Jurnal har ikki mintaqa  madaniyati, siyosati, hududlardagi yangiliklarni yoritib boradi. Ular o‘rtasida ham ishbilarmonlik hamkorligi, ham sayyohlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish uchun munozaralar va g‘oyalar almashinuvlarini tashkil etadi.

Nashr ushbu mintaqa hamda Yevropada istiqomat qiladigan Markaziy Osiyo vakillari bilan qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan. Jurnal xalqaro va Yevropa ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat keng ko‘lamli auditoriyani qamrab olgan bo‘lib, dunyodagi mashhur siyosatshunoslar va madaniyat  arboblari bilan  qator intervyular turkumini berib boradi.

Hozirgi kunda jurnalning bosma nashri dunyoning 10dan ziyod mamlakatlariga tarqatiladi. Ular orasida mingdan ortig‘i biznes-kompaniyalar va 2 mingdan  ortig‘i xalqaro obunachilardir. Jurnalni jami 50 ming nafardan ortiq o‘quvchi o‘qiydi (shu jumladan onlayn rejimida). Shu bilan birga universitetlar, elchixonalar, aviakompaniyalar va Markaziy Osiyo mamlakatlari, Buyuk Britaniya va AQSh bilan bog‘liq boshqa tashkilotlarda ham jurnalni topib o‘qish  mumkin. 

Nashrning so‘nggi sonida “Pushing through Uzbekistan’s new reforms. Interview: Aktam Khaitov” (O‘zbekistonda yangi islohotlarni  amalga  oshirib. Intervyu: Aktam Xaitov) nomli  maqola  chop etildi. Intervyuda jurnal muxbirining o‘zini qiziqtirgan keng ko‘lamli savollarga javoblari keltirilgan. Xususan, mamlakatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishi, bugungi kunda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi mafkurasi, demokratik islohotlar jarayoni va bu jarayonlarda partiyaning roli, partiyaning jamiyat hayotining turli sohalaridagi ustuvor vazifalari, tashqi siyosiy faoliyatda  partiya pozitsiyasi va boshqa shu kabi masalalar o‘z aksini topgan.

Umuman olganda, Buyuk Britaniyaning mazkur jurnalida chop etilgan ushbu maqola Yevropada Markaziy Osiyo mintaqasi, birinchi navbatda O‘zbekistonga, yurtboshimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayoniga bo‘lgan qiziqishning ortib borayotgani hamda mamlakatimizni demokratlashtirish jarayonida turli ijtimoiy institutlar, masalan siyosiy kuchlarning bir qismi bo‘lgan O‘zLiDePning roli va o‘rnini tahlil qilishga bo‘lgan intilishdan dalolatdir.

O‘zLiDeP Matbuot xizmati
Reklama huquqi asosida

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top