20:05 / 01.01.2020
2
27003
So‘nggi 2 yilda dunyo olimlari O‘zbekiston haqida yozgan 10ta kitob

Dunyoni o‘rganish bilan birgalikda, o‘zimizni tashqi ko‘zgu orqali tanish ham birdek muhim. O‘zbekistonga chet ellik mutaxassislar ko‘zi bilan qarab ko‘rish anchagina foydali, chunki ular bosimdan xoli ravishda qo‘llariga qalamga olishadi va mamlakatning turli jabhalarini biz odatlanmagan, odatda olimlarimiz qo‘llamaydigan usullar orqali tahlil qilishadi.

Quyida 2017-2019 yillar oralig‘ida dunyo olimlari tomonidan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo haqida yozilgan 10ta kitobni qisqacha tanishtirib o‘tamiz.

1. «Qo‘qon xonligining yuksalishi va qulashi. 1709-1876 yillar: global davrdagi Markaziy Osiyo». AQShning Ohayo shtati universiteti professori Skott Levi tomonidan yozilgan.

"The Rise and Fall of Khoqand, 1709-1876: Central Asia in the Global Age" by Scott Levi
University of Pitsburgh Press, 2017.

Kitobda Markaziy osiyoliklarning XVIII-XIX asrlarda tezlik bilan globallashayotgan dunyo bilan qanday aloqaga kirishgani tahlil qilingan. Ilk marta Qo‘qon xonligiga bag‘ishlab ingliz tilida yozilgan kitobda, Skott Levi Farg‘ona vodiysida xonlikning (1709-1876) qanday qilib ancha dinamik sur'atda o‘sib kelganini o‘rgangan.

Levi xonlikning globallashayotgan kuchlar bilan birlashishi mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy,  demografik va ekologik o‘zgarishlarni shakllantirgani bilan birga, aynan o‘sha kuchlar Qo‘qonning parchalanishiga hissa qo‘shganini ham ajoyib tasvirlab beradi. Shu bilan birga, Markaziy osiyoliklar o‘zlarining yirik imperial qo‘shnilari (Chor Rossiyasi va Xitoy) o‘rtasidagi siyosatga qanday ta'sir ko‘rsatganini batafsil ko‘rsatib bergan.

Ushbu o‘ziga xos tadqiqot keng miqyosli tinglovchilarni, shu jumladan Markaziy Osiyo, Rossiya, Yaqin Sharq, Xitoy va jahon tarixining olimlari va talabalarini, shuningdek, qiyosiy imperiya va globallashuv tarixini o‘rganuvchilarni o‘ziga jalb etadi. Muallif Qo‘qon xonligi va mintaqaning muhim tarixiy ahamiyatini ko‘rsatib berish uchun «bog‘langan tarix» (connected history) uslubini qo‘llagan.

Muallif haqida: Skott Levi – AQShning Ohayo shtati universitetida Markaziy Osiyo tarixi bo‘yicha professor. Bir vaqtlar Markaziy Yevroosiyo tadqiqotlari jamiyatiga rahbarlik qilgan. U, shuningdek, «Markaziy Osiyodagi hind diasporasi: 1550-1990 yillarda ipak yo‘lidagi hind tujjorlari» va «Islomiy Markaziy Osiyo: tarixiy manbalar antologiyasi» asarlari muallifi ham hisoblanadi.

2. «Mustaqil Markaziy Osiyo davlatlarining konstitutsiyaviy tizimi: kontekstual tahlil». London universitetining Osiyo va Afrika tadqiqotlari kolleji professori Skott Nyuton tomonidan yozilgan.

"The Constitutional Systems of the Independent Central Asian States. A Contextual Analysis" by Scott Newton
Bloomsbury Publishing, 2017.

Huquqshunoslik sohasiga oid asarda Markaziy Osiyoning besh respublikasi konstitutsiyalari birinchi marta qiyosiy tahlil qilingan. 1-bobda mintaqadagi xilma-xil va dinamik konstitutsiyaviy manzaraning umumiy ko‘rinishi berilgan. 2-bobda beshala konstitutsiya negizida ham sovet konstitutsiyaviy tuzumi yotishi batafsil ko‘rib chiqilgan. 3-bob esa globallashuv, neoliberalizm va yaxshi boshqaruv (good governance) kabi yangi dunyo tizimlarining Markaziy Osiyo davlatlari konstitutsiyaviy tizimiga ta'siriga bag‘ishlangan. Qolgan beshta bo‘limda prezidentlar va hukumatlar, parlamentlar va saylovlar, sudlar va huquq-erkinliklar, jamiyat va iqtisodiyot, madaniyat va siyosatchilar shaxsiyati konstitutsiyaviy nuqtayi nazardan tahlil qilinadi.

Ushbu noyob va muhim ilmiy ishda neosovetizm, plebitsitar saylovlar, kuchsiz sudlar va parlamentlar, ayyor kapitalizm, jamiyatdagi uyushmalarga cheklovlar, demokratiya, inson huquqlari va plyuralizmni kuchaytiruvchi aksil tendensiyalar ko‘rib chiqilgan. Kitob Markaziy Osiyo tajribasini hamma joyda zamonaviy konstitutsiyaviy tuzumlar duch keladigan asosiy muammolar va ziddiyatlarning ramzi sifatida namoyon etadi.

Ushbu ilmiy nashr Markaziy Osiyo hududidagi qonun ustuvorligi muammolarini anglash uchun har bir deputat, tadqiqotchi va huquqshunoslik yo‘nalishidagi talabalar uchun muhim qo‘llanma sifatida tavsiya etiladi.

Muallif haqida: Skott Nyuton 1999 yildan beri London universitetida Markaziy Osiyo huquq tizimlari bo‘yicha dars berib keladi. 20 yil davomida ushbu kitob mavzusi bo‘yicha barcha besh mamlakatda yashab, ishlagan va tadqiqotlar olib borgan.

3. «Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga ta'siri. Geosiyosiy chaqiriqlar va ularga javoblar». Parij siyosatshunoslik instituti tadqiqotchisi Olga Alinda Speyz tomonidan yozilgan.

"The European Union's Influence in Central Asia. Geopolitical Challenges and Responses" by Olga Alinda Spaiser
Lexington Books, 2018.

Strategik ahamiyatga ega Markaziy Osiyo ulkan energiya manbalari va muhim jug‘rofiy joylashuvi sabab yirik davlatlar diqqat markazida turadi. Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi bu mintaqani Yevroosiyo hududidagi o‘z siyosiy va iqtisodiy ta'sirini kuchaytirish uchun muhim tramplin sifatida ko‘radi. Kuchli raqobat sharoitida kam budjetga tayanib ish ko‘rayotgan Yevropa Ittifoqi, o‘zining yetakchilik roli aniq bo‘lmagan muhitda o‘zini munosib va ta'sirchan aktyor sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda.

Muallif kitobda quyidagi muhim savolni o‘rtaga tashlaydi: Yevropa Ittifoqi shunday murakkab geosiyosiy sharoitda qanday qilib Markaziy Osiyo davlatlariga ta'sir qila oladi? Hisobga olinadigan aktyor maqomini qozonish uchun qaysi strategiyadan foydalanadi?

YeIning munozaralari, vositalari va Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatining tahlili orqali ushbu tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, Yevropa Ittifoqi ongli ravishda «maslahatchi» rolini o‘ynaydigan ikkinchi darajali aktyor rolini oladi va o‘zini ushbu hududda hech qanday geosiyosiy kun tartibiga ega bo‘lmagan halol broker sifatida ko‘rsatadi. YeI mintaqadagi katta kuch emas va shunday bo‘lishni hohlamaydi ham. Biroq, u «beozor» bo‘lib ko‘ringani holda, boshqaruv va suv xavfsizligi kabi boshqa ishtirokchilar tomonidan e'tibordan chetda bo‘lgan masalalarda nisbiy ustunlikka egaligini unutmaslik darkor.

Muallif haqida: Olga Alinda Speyz – Parij siyosatshunoslik institutining Yevropa tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi. U Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Inqirozlarning oldini olish, barqarorlashtirish va nizolardan keyingi qayta qurish departamenti Bosh direktori uchun loyiha menejyeri bo‘lib ishlaydi.

4. «O‘zbekistonning tashqi siyosati: Karimov boshqaruvi ostida dunyoda tan olinish uchun intilish va o‘z-o‘ziga tayanish». Shotlandiyaning Sent-Endryus universiteti ma'ruzachisi Bernardo Teles Fazendeyro tomonidan yozilgan.

"Uzbekistan’s Foreign Policy. The Struggle for Recognition and Self-Reliance under Karimov" by Bernardo Teles Fazendeiro
Routledge, 2017.

O‘zbekistonning 1991 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan tashqi siyosati – sovuq urush tugaganidan keyingi davr xalqaro siyosatidagi o‘ziga xos yondoshuvlardan biridir. Bu o‘ziga xoslik respublikaning rasmiy ma'noda mustaqillikka erishganidan keyin haqiqiy ma'noda mustaqillikka erishish uchun bosqichma-bosqich olib borilgan kurashiga asoslanadi. Muallifga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiylari, ayniqsa birinchi prezident mintaqaviy va keng miqyosli xalqaro siyosatda qabul qilingan normalarga skeptik yondashib kelgan.

Kitobda O‘zbekistonning umumiy tashqi siyosati va uning Markaziy Osiyodan tashqaridagi ta'siri masalasida turli davlat arboblarining fikrlari ham keltirib o‘tilgan. Unda muayyan va'dalar, shiorlar va hatti-harakatlar qanday qilib O‘zbekistonning xalqaro rolini shakllantirgan asos bo‘lib xizmat qilgani va bu rasmiy Toshkentning Rossiya, AQSh, Germaniya va Turkiya bilan 25 yillik munosabatlariga qanday ta'sir qilgani ko‘rsatilgan.

Kitobda aytilishicha, O‘zbekiston hukumati mustaqillikka erishganidan keyin o‘z-o‘ziga tayana oluvchi qudratga ega bo‘lishga intilgan, ammo sovuq urushdan keyingi dunyo tartiboti va O‘zbekiston bilan hamkorlik qilgan sheriklarning qarama-qarshi maqsadlarga egaligi tan olinishni murakkablashtirib, 25 yillik zo‘r berib intilishiga sabab bo‘lgan.

Umuman olganda, muallif marhum prezident Islom Karimovning tashqi siyosatdagi merosiga atroflicha baho berishga uringan. Ushbu kitob xalqaro munosabatlar sohasida rol nazariyasi va tan olinish masalalarini o‘rganishda qo‘l keladi.

Muallif haqida: Bernardo Teles Fazendeyro Shotlandiyadagi eng qamidiy va nufuzli Sent-Endryus universitetida ma'ruzalar o‘qiydi. U asosan Markaziy Osiyo va sobiq sovet ittifoqiga ko‘proq e'tibor qaratgan holda, xalqaro munosabatlarda rollar nazariyasi va talqinshunoslikni tadqiq qiladi.

5. «Transkontinental Ipak Yo‘li ctrategiyalari: Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyaning O‘zbekiston bilan munosabatlari qiyosiy tahlili». Yaponiyaning Tsukuba universiteti professori Temur Dadaboyev tomonidan yozilgan.

"Transcontinental Silk Road Strategies. Comparing China, Japan and South Korea in Uzbekistan" by Timur Dadabaev
Routledge, 2019.

Chet elda ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimizning asarlariga ham to‘xtalsak. Ulardan biri – Temur Dadaboyev 2019 yilda nashr qilingan ushbu kitobida Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoga nisbatan munosabatini o‘rganib, bu davlatlar tomonidan mintaqa mamlakatlariga taklif etilgan konsepsiyalarni tahlil qilgan, ularning Markaziy Osiyodagi regionalizmga ta'sirini aniqlashga harakat qilgan.

Ushbu kitob O‘zbekiston misolida, Buyuk Ipak yo‘li tushunchasi orqali Markaziy Osiyo mintaqasi bilan aloqalar shakllanishining rivojini o‘rganadi. Muallif Yaponiyaning 1997 yildagi Yevrosiyo/Ipak yo‘li diplomatiyasi, Xitoyning Shanxay jarayonini, Koreyaning korporativ takliflari va shu kabi Ipak yo‘liga aloqador boshqa tashabbuslar (masalan, Bir kamar, bir yo‘l)ni tahlil qilish orqali mintaqadagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr yuritadi.

Kitobda ta'kidlanishicha, moddiy omillari va manfaatlar Sharqiy Osiyo gigantlarining Markaziy Osiyo bilan munosabatga kirishishi uchun yagona sabablar emas. Muallif madaniy muhit va o‘ziga xoslikni davlatlar hamkorligini rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha omillar deb hisoblaydi. U, shuningdek, Xitoy haqidagi bo‘rttirilgan qarashlarni va uning kichik davlatlarga nisbatan siyosatini qayta tahlil qiladi va bunda Yaponiya va Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuvlarini ham hisobga oladi.

Umuman, ushbu kitob Markaziy Osiyo bilan hamkorlik va aloqa shakllarini kengroq nazariy muhokama qilishga chorlaydi.

Alisher Umirdinov,
Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti
Biznes huquqi fakulteti professori.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top