Uinston Cherchill / Foto: BiblioArchives

Uinston Cherchill, «Ikkinchi Jahon urushi»

Uinston Cherchill nomi Buyuk Britaniya tarixida ikki marta bosh vazir lavozimini egallagan va II Jahon urushida qirollik nomidan harbiy harakatlarni muvofiqlashtirgan siyosatchi sifatida tarixda qoldi. U lavozimi davrida (1940-1945 va 1951-1955) uch monarx qasamyodini kuzatdi, 1953 yilda esa Nobel mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Avtobiografiya uslubida yozilgan, 6 tomdan iborat «Ikkinchi Jahon urushi» asarida Cherchill har bir muhim qaror va urushning holatiga sharh berib ketgan. Kitobda voqealar I Jahon urushi yakuni va dunyoni qayta bo‘lib olishga bo‘lgan harakatlar bilan boshlanadi. Cherchill kitobida Germaniyaning SSSRga hujumi, ittifoqdoshlarning munosabati, AQShning Yaponiyaga atom bombasini tashlashi va barcha e’tiborga molik masalalarga batafsil to‘xtalgan.

Sergey Yulevich Vitte, «Xotiralar»

Graf Sergey Vitte – Rossiya imperiyasi amaldori, moliya vazirligidan chiqib, vazirlar mahkamasini boshqargan siyosatchi. U bosib o‘tgan yo‘l va iqtisodiy-siyosiy islohotlari ko‘p e’tirofga sazovor bo‘lgan, Vitte davrida imperiyaning iqtisodiy salohiyati ancha yuksalgan. Uning memuari 1900-1910 yillarda yozilgan, ammo Vittening o‘limidan keyin jamoatchilikka oshkor bo‘lgan.

«Xotiralar»da Sergey Yulevich dastlab imperator Aleksey III, keyinchalik iqtidorga kelgan Nikolay II shaxsiga ham to‘xtalib o‘tadi. Kitob orqali XIX asrda yashagan Rossiya imperiyasi va uning bosqinchilik harakati haqida birinchi manbadan ma’lumot olish mumkin.

Margaret Tetcher, «Davlat boshqaruvi san’ati»

Baronessa Margaret Tetcher yoxud «temir xonim» 10 yillab Buyuk Britaniya saroyida bosh vazir lavozimida xizmat qildi. Qarorlardagi qat’iylik va konservatizm uchun uni omma «temir xonim», uning izdoshlarini «tetcherizm» tarafdorlari deb atay boshladi. Ushbu kitobda baronessa davlat boshqaruvida yuzaga kelayotgan masalalarga qanday munosabat qilishiga to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, u kitobida tashqi siyosat borasida ko‘p fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

Tetcher shaxsiga qiziqmagan shaxslar ham, ushbu kitobni o‘qib, XX asrda Yaqin Sharq, SSSR va Yevropa duch kelgan qiyin vaziyatlarni nozik nuqtadan ko‘rishi mumkin.