09:54 / 02.01.2020
5
23157
2019 yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari necha foizga qimmatlashgani ma'lum bo‘ldi
Foto: Fotolia

2019 yilning dekabrida iste'mol narxlari darajasining oy davomidagi o‘rtacha o‘sish sur'ati 1,7 foizni tashkil etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2019 yil yanvar-dekabr oylarida iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari 15,2 foizga qimmatlashdi. 

2018 yilning dekabrida tovarlar va xizmatlar narxlari oy davomida o‘rtacha 2,1 foizga ko‘tarilgan.

Umumiy hisobda 2018 yil davomida iste'mol sektoridagi narx va tariflarning o‘rtacha o‘sish sur'ati 14,3 foizni tashkil etgan. 

O‘rtacha oylik narx indekslari o‘sish sur'atining hisoblanish tartibiga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-dekabr oylari davomidagi iste'mol narxlari indeksi 1,2 foizni tashkil etgan. Shunday qilib, dekabr oyi davomida umumiy iste'mol narxlari indeksi joriy yilning yanvar-dekabr oylaridagi o‘rtacha oylik o‘sish sur'ati ko‘rsatkichidan 0,5 darajaga yuqori bo‘ldi. 

2019 yil davomidagi narxlarning eng yuqori o‘sishi va pasayishi avgust (o‘sish sur'ati 2,9 foiz) hamda iyun (pasayish darajasi 0,5 foiz) oylariga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, joriy yilning dekabr oyidagi iste'mol narxlari indeksi o‘sish sur'ati 2019 yilning yanvar-dekabr oyidagi maksimal ko‘rsatkichdan 1,2 darajaga past, minimal natijadan 2,2 darajaga yuqori bo‘ldi. 

2019 va 2018 yillarning o‘n ikki oyi davomidagi qisqa muddatli oylik umumiy iste'mol narxlari indeksi taqqoslash natijalariga ko‘ra, ko‘rsatkichlar orasidagi maksimal chekinish yana avgust oyiga to‘g‘ri keladi (2019 yildagi 102,9 foizga qarshi 2018 yildagi 100,3 foiz). Dekabr oyidagi farq esa 0,4 darajani tashkil etgan (2019 yil dekabrdagi 101,7 foizga qarshi 2018 yil dekabr oyidagi 102,1 foiz). 

Umumiy hisobda, 2019 yil davomida oziq-ovqat mahsulotlari 18,6 foizga qimmatlashdi. Ushbu davr mobaynida nooziq-ovqat mahsulotlari 10,9 foiz, xizmatlar 15,2 foizga oshdi. 

Yuqorida qayd etilganidek, 2019 yilning yanvar-noyabrida tovarlar va xizmatlar narxlarining oy davomidagi maksimal o‘sish sur'ati avgust oyida ro‘yxatga olingan (2,9 foiz). 

Narxlarning umumiy ko‘tarilishi aholi uchun pullik xizmatlar narxlarining o‘sishi bilan bog‘liq (5,6 foiz). Shu bilan birga, avgust oyidagi oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari ham nisbatan yuqori darajada qimmatlashgan (oy davomidagi o‘sish sur'ati 2,3 foiz va 2,1 foiz). 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top