Bog‘chalarda ota-onalar to‘lovi oshgani yuzasidan izoh berildi
Maktabgacha ta’lim agentligi vakilining ma’lum qilishicha, 2021 yilda ota-onalarning bog‘cha to‘lovlari bolalarning ovqatlanish xarajatlarini 60 foizga qoplagan, o‘tgan 3 yil ichida esa oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar narxi oshishi hisobiga bu ko‘rsatkich 35 foizga tushib qolgan.
2 may kuni AOKAda bog‘chalarda oziq-ovqat sifati va xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Maktabgacha ta’lim agentligi vakillari 2024 yil iyun va 2025 yil yanvaridan bog‘chalarda bolalar ta’minoti uchun to‘lov nima sabab oshirilayotganini ham tushuntirdi.
Agentlikning boshqarma bosh mutaxassisi Ismat Tursunxo‘jayevga ko‘ra, tariflar 2021 yil may oyidan buyon o‘zgarishsiz qolib kelgan. 3 yil oldingi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari hozirgiga nisbatan ancha past bo‘lgani, qolaversa, ota-onalardagi yuklamani kamaytirish, bolalarni MTTga berish, ta’lim-tarbiya bilan qamrab olish maqsadida ota-onalarga narx borasida imtiyozlar berilgan edi.
“Statistik ko‘rsatkichlarga qaraydigan bo‘lsak, 3 yil davomida mehnatga haq to‘lashning tariflari 1,4 barobarga, ya’ni 40 foizga oshdi. Xuddi shunday oziq-ovqat mahsulotlari yoki kommunal to‘lovlari 2 barobardan ortiq oshdi, elektr energiyasi uchun tarif 2021 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshdi. Xuddi shunday oziq-ovqat narxlari va boshqa tariflarning oshishi, davlat budjetidan bir bolani ovqatlantirishga qilinayotgan xarajat oshib ketgani – birinchi sabab.
Ikkinchi sabab ota-onalarga yengillik bo‘lishi uchun narxlar oshirilmasdan, saqlab kelindi, lekin buning oqibatida ayrim ko‘ngilsiz holatlar, misol uchun, har xil o‘g‘riliklar [yuzaga keldi]. Shu bilan birga, oziq-ovqatning sifatini oshirish maqsadida unga qilinayotgan xarajatni ham orttirishimiz kerak. Qancha ko‘p investitsiya qilinsa, shuncha sifati ham oshib boraveradi”, – dedi u.
Qo‘shimcha qilinishicha, oshirilayotgan narxlar 2021 yildan yilma-yil ko‘tarilishi kerak bo‘lgan ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmaydi.
“Ya’ni davlat ulushi 2021 yilda 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalar bolalarning ovqatlanish xarajatlarini 60 foizga qoplar edi. Hozirgi kunda bu ko‘rsatkich teskari bo‘lib qoldi. Ota-onalarning to‘lovi 35 foizga, davlatning ulushi 65 foizgacha ko‘tarildi. Shu ko‘rsatkichlar inobatga olinib, sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida bu miqdorlar yangilanib, tasdiqlandi”, – deydi agentlik mutasaddisi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumatning tegishli qarori bilan 2024 yil 1 iyundan va 2025 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun to‘lov miqdorlari qancha bo‘lishi e’lon qilingandi.
Mavzuga oid
08:10 / 02.11.2024
Oktyabr oyida inflatsiya 1 foizdan past bo‘ldi
19:37 / 31.10.2024
«Valuta kursining 1 foizga qadrsizlanishi inflatsiyaga 0,3-0,4 foiz ta’sir ko‘rsatishi mumkin» - MB raisi
22:15 / 29.10.2024
AQSh va Yevropa nima sababdan turlicha iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelyapti?
00:36 / 29.10.2024