O‘zbekiston | 20:21 / 03.01.2020
9989
7 daqiqa o‘qiladi

«O‘ZBeKOZIQOVQATXOLDING»: Milliy oziq - ovqat sanoati rivojlanmoqda

Bugun istagan oziq-ovqat mahsulotlari do‘koniga kiring, uning peshtaxtasidan asosan mahalliy ishlab chiqarishga tegishli iste'mol tovarlari o‘rin olganiga guvoh bo‘lasiz. Bozorlarimizni ham o‘zimizda ishlab chiqarilgan noz-ne'matlar egallagan. Bu mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida  aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan  tizimli chora-tadbirlar samarasidir.

Yurtimizda 11 ming 800 dan ortiq meva-sabzavot, go‘sht va sutni qayta ishlovchi, qandolat, alkogolsiz ichimliklar va yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va boshqa turdagi oziq-ovqat sanoatiga ixtisoslashgan korxonalar faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ularning 400 dan ziyodi “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibiga kiradi.

Kompaniya tarkibidagi mazkur korxonalar yurtimizda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash ishlariga munosib hissasini qo‘shmoqda. Xususan, 2019 yilda ushbu korxonalar tomonidan 150 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot konservalari, 49 ming tonna sut va sut mahsulotlari,  13 ming tonna go‘sht va go‘sht  mahsulotlari, 8 ming tonnadan ziyod kolbasa mahsulotlari, 400 ming tonnaga yaqin shakar, 5 ming 204 tonna o‘simlik yog‘i, 26 ming tonna margarin,  650 million litrdan ziyod alkogolsiz ichimliklar, 139 million litr mineral suv, 174  million litr pivo, 10 milliard donadan ziyod tamaki ishlab chiqarilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” mamlakatimiz oziq-ovqat sohasiga investitsiyalarni jalb qilish borasida salmoqli natijalarga erishmoqda.  Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil hududlarga tashriflari doirasida Davlat investitsiya dasturiga qo‘shimcha ravishda oziq-ovqat sanoati yo‘nalishida kompaniya tomonidan taqdimoti qilingan umumiy qiymati 17,6 trillion so‘mlik jami quvvati 4,8 million tonna bo‘lgan 1 ming 207 ta yangi loyiha  ustida amaliy ishlar olib borildi. Natijada o‘tgan yilda jami quvvati 718,5 ming tonna bo‘lgan 406 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi. 

Shuningdek, 2019 yilda Davlat investitsiya dasturiga kiritilgan 16 ta va qo‘shimcha 139 ta loyiha ustida amaliy ishlar olib borilib, jami 260  million dollar, jumladan 132 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi. 

           Aholi turmushi farovonligi, mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta'minlash hamda jahon bozorida raqobat muhiti shiddatli avj olayotgan sharoitda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish orqali xaridorini topish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu borada davlatimiz rahbari, hukumatning tegishli qaror va farmonlari, xususan mahalliylashtirish dasturlari asosida “O‘zbekoziqovqatxolding” tarkibidagi korxonalar tomonidan  joriy yilda  jami 400  milliard so‘mdan ziyod  import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash sohasida ham “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasining o‘z o‘rni bor. Bugungi kunda Kompaniya tarkibidagi 82 ta korxonada sifat menejment tizimlari yaratilgan. Ulardan 46 tasi ISO 9001 - “Sifat menejment tizimi”, 36 tasi ISO 22 000 – “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizlik menejmenti tizimi, 4 tasi 18 001 – “Sog‘liqni muhofaza qilish va mehnat xavfsizligini ta'minlash menejmenti” xalqaro standartlariga egadir.

Kompaniya tomonidan tayyorlangan “Idishga qadoqlangan ichimlik suvining xavfsizligi to‘g‘risidagi” umumiy texnik reglament loyihasi  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 10 oktyabrdagi 861 sonli qarori bilan tasdiqlandi. Shuningdek, o‘tgan yilda “Meva va sabzavotlardan olingan sharbat mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Alkogolsiz ichimliklar xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Konservalangan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentlar loyihalari tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. “Shakar va undan tayyorlanadigan mahsulotlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Qandolat mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi maxsus texnik reglamentlar “O‘zstandart” agentligining ekspertlar komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi. “Sut va sut mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamentga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori va o‘zgartirishlar loyihasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun “O‘zstandart” agentligiga kiritildi.

Sohadagi yana bir muhim natija-bu "O‘zbekoziqovqatxolding”ning  “O‘zstandart” agentligi bilan hamkorlikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jyenevada joylashgan Yevropa Iqtisodiyot komissiyasiga ilk marotaba quritilgan qovunning xalqaro bozor standartiga kiritishga erishgani bo‘ldi. Bu eksportchilarimizga quritilgan qovunni istalgan mamlakatga eksport qilish imkonini beradi.

Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlashda eksport hajmini kengaytirish muhim omillardan sanaladi. E'tiborlisi, “O‘zbekoziqovqatxolding” faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri  aynan O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksport salohiyatini  oshirishni o‘z ichiga oladi. Kompaniya tomonidan tarmoq korxonalarning eksport geografiyasini kengaytirish ustida olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida  meva-sabzavot konsentratlari va konservalari, quritilgan mevalar,  qandolat, yog‘-moy, salqin ichimliklar kabi 80 dan turdan oshiq mahsulotlarni  dunyoning 40 dan ziyod mamlakatiga eksportini tashkil etishga erishildi.  

“O‘zbekoziqovqatxolding” tomonidan milliy oziq-ovqat mahsulotlari  sanoatini rivojlantirish  sohasida amalga oshirilgan shu kabi ishlar kelgusida ham davom etadi. Xususan, tarmoq korxonalarining eksport salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, import o‘rnini bosuvchi milliy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, ichki bozorga iste'mol tovarlarini yetkazib berishning samarador usullarini yo‘lga qo‘yish kabi  dolzarb masalalar Kompaniyaning istiqbolli rejalaridan o‘rin olgan. 

“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi Axborot xizmati 

Mavzuga oid