22:56 / 04.01.2020
0
5260
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining besh yillikdagi faoliyati sarhisob qilindi

4 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 5 yillik faoliyati yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda parlament quyi palatasining uchinchi chaqiriqdagi faoliyati, deputatlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ochiqlik yo‘lida dadil odimlamoqda. Parlament quyi palatasining uchinchi chaqiriqdagi faoliyati yuzasidan axborot tayyorlandi. Bunday axborot parlamentimiz tarixida ilk bor jamoatchilik uchun ochiq taqdim qilinmoqda. Bu – ochiqlik yo‘lidagi muhim qadamlardan biri.

Uchinchi chaqiriq deputatlari ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalari orqali yurtimiz hayotiga doir har bir muhim voqea-hodisaga, o‘zgarish va yangilanish jarayonlariga o‘z munosabatini bildirib bordilar. Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytidagi barcha fuqarolar uchun ochiq bo‘lgan “deputatning virtual qabulxonasi” xizmati ham xalq vakillarining barcha saylovchilar bilan munosabati sifati va tezkorligini, ular faoliyatining shaffofligi hamda hisobdorligi darajasini jiddiy tarzda oshirdi”, deya Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolbo‘tayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida so‘nggi yillarda Qonunchilik palatasi faoliyatida ijro hokimiyati faoliyati ustidan ta'sirchan parlament nazorati amalga oshirish kuchaygani, xususan, parlament tarixida ilk bor yangi institut – “Hukumat soati” joriy etilgani ta'kidlandi. Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar 14 marta “hukumat soati”, 82 marta parlament eshituvi o‘tkazilgan.

“So‘nggi yillarda parlament va deputatlik so‘rovi soni keskin oshdi. 2015-2019 yillarda 28 ta parlament so‘rovi va 856 ta deputatlik so‘rovlari yuborildi. Parlament nazoratini yuritishning yangi shakli — hukumatning har choraklik hisobotini eshitish deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shu ma'noda, parlament tarixida ilk bor 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasining tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

2017-2018 yillarning o‘zida respublikamizning 137 ta tuman va shahridagi haqiqiy holat bevosita joylarga chiqib o‘rganildi. Ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi” deydi parlament quyi palatasi deputati Jahongir Shirinov.

 “Birinchi marta barcha uchun e'lon qilingan ushbu axborot parlament quyi palatasi o‘zining besh yillikdagi faoliyatini ochiq va shaffof olib borayotganidan dalolatdir. Bu, o‘z navbatida, deputatlarning xalq oldidagi hisobdorligini ta'minlash, saylovchilarga quyi palatada qabul qilinayotgan qonunlar va nazorat-tahlil faoliyati yuzasidan tugal, tushunarli, sodda va xalqchil tilda ma'lumot yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Axborotning turli jadval hamda infografikalar bilan boyitilgani esa, fuqarolarning quyi palata faoliyati haqida yanada aniq tasavvurga ega bo‘lishiga yordam beradi”, deydi Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi Nargiza Gulimova.

Matbuot anjumanida 2015–2019-yillarda qabul qilingan qonunlarning sifatini yaxshilash bo‘yicha aniq choralar ko‘rilgani, qonun loyihalarini jamoatchilik muhokamasini tashkil etish tartibi kiritilgani, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti tasdiqlangani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilingani ma'lum qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top