14:45 / 06.01.2020
5
26634
2019 yilda O‘zbekiston YaIM qanchaga o‘sgani ma'lum bo‘ldi

Aholi jon boshiga YaIM 1741 dollarga yetdi. 2018 yilga nisbatan o‘sish – 13,6 foiz.

Foto: Shutterstock

2019 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining (YaIM) o‘sishi 5,5 foizni tashkil etdi, prognoz esa 5,4 foiz darajasida bo‘lgan. Bu haqda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi xabar qilmoqda.

YaIM o‘sish sur'ati ushbu ko‘rsatkichning 2018 yildagi darajasidan yuqori bo‘ldi (5,1 foiz). YaIM o‘sishi asosan sanoat (6,4 foiz - prognoz 5,2 foiz), qurilish (11,8 foiz - prognoz 8,4 foiz) va xizmatlarning (6,1 foiz - prognoz 6,3 foiz) o‘sishi hisobiga ta'minlandi.

Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 1 741 dollarni tashkil etdi va 2018 yilga nisbatan 13,6 foizga o‘sdi (2018 yilda 1 533 dollar).

2017 yilda milliy valuta ikki baravar qadrsizlanganiga qaramay, 2019 yilda YaIM dollar qiymatida deyarli devalvatsiya davridan oldingi ko‘rsatkichga yetdi.

Ma'lumot uchun: dollar qiymatida 2017 yil YaIM 59,1 milliard dollarni, 2019 yilda 58,3 milliard dollarni yoki 99 foizni tashkil etdi.

YaIM umumiy o‘sishida xizmatlar sohasining ulushi 1,9 foiz, sanoat - 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligi - 0,9 foiz, qurilish - 0,6 foiz, sof soliqlar - 0,6 foizga to‘g‘ri keldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top