11:56 / 12.01.2020
0
31996
AQSh harbiylari Eron zarbalaridan 2,5 soat oldin panohgohlarga yashirinib olgan - CNN
Foto: CNN

AQShning Iroqdagi Ayn-al-Asad harbiy bazasidagi amerikalik harbiylar Eronning zarbasidan oldindan ogohlantirilgan. Harbiylardan aksariyati zarbadan 2,5 soat oldin panohgohlarga yashirinib olishgan. Bu haqda CNN telekanali xabar berdi.

Telekanal jurnalistlari ushbu obektga tashrif buyurib, harbiylardan yuqoridagi axborotni olishgan. Ta'kidlanishicha, AQSh tomoni Eron bazaga hujum qilmoqchiligidan xabar topgan, biroq Tehron buni qanday tarzda amalga oshirmoqchiligidan bexabar bo‘lgan. Jurnalistlar ma'lumot qayerdan olinganini ochiqlashmagan.

Ma'lum qilinishicha, zarbalar bazaning odatda amerikalik harbiylar tomonidan egallanadigan qismiga berilgan. Bu qismga obekt hududining to‘rtdan biri to‘g‘ri keladi. Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, ba'zi raketalar amerikaliklar yashiringan panohgohlardan bir necha metr narida portlagan. 

Yaqin Sharqdagi vaziyat 3 yanvarda amerikalik harbiylar tomonidan eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandan keyin keskinlashgan. Tehron bunga javoban amerikalik harbiylar Iroqda foydalanadigan ikkita obekt – Ayn-al-Asad bazasi va Erbil aeroportiga zarbalar bergan. Ta'kidlanishicha, zarbalar oqibatida hech kim jabr ko‘rmagan.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top