18:15 / 13.01.2020
0
4733
Ko‘mirda ishlovchi sement zavodlar soni yana bittaga ko‘paydi
Foto: O‘zsanoatqurilishmateriallari

Mamlakatimiz bo‘ylab ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda barcha qurilish mahsulotlari qatorida sementga bo‘lgan talab ham yanada oshmoqda. Mavjud talabni qondirish, mahalliy bozorni arzon, sifatli sement mahsuloti bilan ta'minlash bo‘yicha bugungi kunda «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi tomonidan aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 12 yanvar kuni «O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligi hamkorligida yangi sement zavodining birinchi bosqich loyihasi ishga tushirildi. Tantanali marosimda viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev, mutasaddi tashkilot vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

«Farg'ona Yasin qurilish mollari» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati 200 mln. AQSh dollarini tashkil etadi. Uskunalar zamonaviy, energiya tejamkor bo‘lib, Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan. E'tiborlisi, mazkur korxonada muqobil yoqilg‘i turi ko‘mirdan foydalaniladi. Bu yerda bir kunda 2 ming 500 tonna sifatli sement ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Loyihaning birinchi bosqichida 113 million dollar investitsiya o‘zlashtirilib, 300 nafar yoshlar ish bilan ta'minlandi. Ishga tushirilgan yirik sement zavodi nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishishi shubhasiz.

Ushbu investitsion loyihani amalga oshirish uchun aynan mazkur hudud tanlangani bejizga emas. Chunki, bu yerda ulkan xomashyo zaxirasiga ega sement, ohaktosh va tuproq (glina) konlari mavjud. Korxonada yiliga 2 million tonna sifatli sement ishlab chiqariladi. Loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushgach, 700 nafar mahalliy aholi doimiy ish ta'minlanadi.

Korxonaning umumiy ishlab chiqarish quvvati yiliga 2 mln. tonnani tashkil etadi. Zavodni qurish ishlari 1 yil davomida olib borildi.

Korxonada ishlab chiqariladigan yuqori sifatli sement mahsulotlari nafaqat ichki bozorda sotiladi, balki, uning ma'lum qismi eksport qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

 

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top