15:35 / 15.01.2020
0
16882
Sudan: Razvedkachilar isyoni armiya tomonidan bostirildi

Sudan Razvedka xizmatining tezkor xodimlari boshqarmasi hukumatning bu xizmat bo‘yicha joriy qilgan islohotiga norozilik sifatida qurolli isyon ko‘tardi. Ular mamlakat poytaxti ko‘chalariga chiqib, barrikadalar o‘rnatishdi va havoga qarata o‘q uzishdi. Bir necha soat o‘tib isyon armiya tomonidan bostirilgan.

Qariyb besh soat davomida mamlakat havo hududi yopib qo‘yilgan. 

Sudan axborot vaziri Feysal Muhammad Solih televideniye orqali ma'lum qilishicha, maxsus xizmat rahbariyati razvedkaning ishini qayta tashkil etishga qaror qilgandi.

Xodimlarga yoki boshqa bo‘limga qo‘shilish yoki ishdan bo‘shash taklif qilingan.

Frans-press agentligi ma'lumotiga ko‘ra, ko‘chalarda bo‘lib o‘tgan otishma vaqtida besh kishi jarohatlangan, shu jumladan 15 yoshli o‘smir va Sudan armiyasining bir harbiysi ham. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Umumiy razvedka xizmati tezkor xodimlari boshqarmasining ikkita bazasida otishma ovozlari eshitilgan.

Isyonchilar joylashgan bazalarga yuk mashinalarida tezkor harakatlanuvchi kuchlar bo‘linmalari jo‘natilgan. U yerda shuningdek, tanklarni ham ko‘rishgan.

2019 yil aprelida mamlakatni uzoq yillar davomida boshqargan prezident Umar Bashir ag‘darilgach hokimiyatga kelgan Sudan Harbiy kengashi maxsus xizmatlarda va razvedka xizmatida tub islohotlar o‘tkazilishini e'lon qilgandi. Islohot o‘tkazishdan maqsad mamlakatda fuqarolik hukumati o‘rnatish va maxsus xizmatlar ishini qat'iy o‘zgartirishni talab qilgan namoyishchilarni tinchlantirish edi.

Sudan hukumati so‘nggi voqealarni hokimiyat to‘ntarishiga urinish deb baholadi.

«Bunday tadbirlar isyon hisoblanadi. Shahar markazida o‘t ochilishi - bu fuqarolarni qo‘rqitib, siyosiy jarayonga tahdid qiluvchi qo‘zg‘olondir», degan Sudan suveren kengashi a'zosi general-leytenant Shamseldin Kabashi.

U isyonchilarning moliyaviy talablarini «mantiqsiz va noma'qul» talab deb atadi.

Sudan bosh prokurori isyonda ishtirok etganlarga nisbatan sud o‘tkazilishini talab qilgan.

Sudan hukumati Tashqi razvedka xizmatining tezkor boshqarmasini isloh qilib, uning xodimlariga yoki armiyada, yoki tezkor harakatlanuvchi kuchlar bo‘linmalarida xizmat qilishni, yoki ishdan ketishni taklif qilgandi. Gap 10 mingdan ortiq xodim haqida ketadi.

Xodimlari isyon uyushtirgan Tashqi razvedka xizmati prezident Basharga qarshi 2018 yil dekabrida boshlanib 2019 yil apreliga qadar davom etgan namoyishlarni bostirish ishlarida jonbozlik ko‘rsatishgandi.

Sudandagi ko‘pchilik razvedkachilar isyoni - mamlakatda Umar Bashir ag‘darilgach siyosiy barqarorlik o‘rnatishga xalal berish sifatida baholanmoqda. Sudan hukumati vakillari bu voqealar ortida mamlakat razvedka xizmatining sobiq rahbari Saloh Gosh turganini taxmin qilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top