17:59 / 18.01.2020
7
8669
Aktam Hayitov: Besh yil – muxolifat partiya shakllanishi uchun yetarli muddat 

Besh yil kichik muddat emas va u O‘zbekiston parlamentida muxolifat partiya shakllanishi uchun yetarli muddat. Bu haqda O‘zLiDeP siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlari ta'sis yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlar savollariga javob berish paytida aytib o‘tdi.

Partiya rahbari dastlab «Oliy Majlis keyingi besh yillikda xalqning haqiqiy ovozi bo‘la oladimi?», mazmunidagi savolga javob bergan.

«Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar» deyapmiz. Xo‘sh, nimasi bilan yangi? — Avvalo, yangicha so‘z erkinligi bilan yangi.

Ikkinchisi, hokimiyatning xalqqa yaqin bo‘lishi. Davlat rahbari ham prezidentlikka saylangan ilk kunlaridan boshlab xalq bilan muloqot qilish g‘oyasini ilgari surmoqda. Mana shu muloqotni biz qo‘llab quvvatlashimiz kerak. Ana shunda parlament xalq ovozi bo‘la oladi». 

Aktam Hayitovga navbatdagi savol muxolifat partiyalar borasida bo‘lgan. Xususan, «Muxolifat partiyalarning ichimizdan yetishib chiqishi haqida ko‘p gapirilmoqda. Xo‘sh, keyingi besh yillik haqiqiy muxolifat partiyalar shakllanishi uchun yetarlimi?», deyilgan savolda.

Partiya rahbari savolga javoban fikrlarini quyidagicha ifodalagan:  

«Muxolifatning ichimizdan shakllanishi kerakligi borasida prezident ham bir necha bor o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Haqiqatdan ham, muxolifat partiya o‘zimizning oramizda shakllanib, rivojlanib, yetakchi bo‘lgan partiyalarga nisbatan fikrini dadil ayta oladigan bo‘lib chiqishi kerak. Buning uchun besh yil kichik muddat emas.

 Bunga katta imkoniyatlar yaratilgan. Jumladan, qonun ustuvorligi, so‘z erkinligi va boshqalar. Albatta, muxolifatning birdan paydo bo‘lishi uchun ma'lum muddat omillar ham kerak. O‘ylaymanki, mana shu besh yil muxolifat partiya shakllanishi borasida muhim qadam bo‘ladi. Bu orqali fikrlar qarama-qarshiligi va muammolarni har taraflama kengroq yechimlar bilan hal qilish imkonini beradi», - deya Aktam Hayitov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top