Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida hozirgi kunda mamlakatda xufiyona iqtisodiyotning ulushi 40 foiz atrofida ekani ma’lum qilingan edi.

O‘zLiDeP presc klubining 28 sentabrdagi sessiyasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, rasmiy faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, OAV vakillari, olimlar hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Eldor Niyozov soliq tizimida yashirin iqtisodiyotning ulushi haqida gapirarkan, ko‘rilayotgan choralarga qaramay, qurilish sohasida yashirin iqtisodiyot ulushi yuqoriligicha qolayotganini ta’kidladi.

“Qurilish sohasida juda katta narsani ko‘rmayapmiz. 80-90 trln so‘m atrofida aylanma ko‘rsatilyapti. Shunchalikka bordiki, “Shaffof qurilish”ni joriy qilganimizga qaramay, yashirilayotgan miqdor katta. Bo‘lmasa shaffoflashtirib boryapmiz. Lekin shuning ichida ham ko‘rinmagan fakturalar, bajarilmagan ishlar, fakturani kamaytirib ko‘rsatish, qo‘lda kiritish holatlari bor. Xufiyona iqtisodiyotning 6-7 foizi qurilishda”, - dedi u.

 

Soliq organi vakilining ta’kidlashicha, markirovka tizimi joriy etilishi va ko‘pgina tovarlarning qamrab olinishi natijasida markirovka tizimi tahlillari boshlangan.

“Bunda yashirin iqtisodiyotning 6-7 foiz ulushi alkogol mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Uchta belgilab olingan soha – qurilish, qishloq xo‘jaligi va markirovkalangan tovarlar harakati yo‘nalishida ishlayapmiz”, - dedi Eldor Niyozov.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotning ulushi 40 foiz bo‘lib, taxminan 32 mlrd dollarga baholanmoqda.