09:15 / 18.01.2020
9
11586
Aktam Xaitov O‘zLiDeP fraksiyasi raisligiga tasdiqlandi
Foto: KUN.UZ

Bugun, 18 yanvar kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar ta'sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qildi.

O‘zLiDeP parlament va mahalliy kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovlar yakuniy natijalariga ko‘ra Qonunchilik palatasida 53ta yoki 35,3 foiz o‘rinni egalladi. 

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasiga muvofiq, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan 53 nafar deputatdan iborat O‘zLiDeP fraksiyasini ta'sis etish bo‘yicha taklif o‘rtaga tashlandi. Ushbu masala atroflicha muhokama qilingandan so‘ng deputatlar tomonidan yakdillik bilan tasdiqlandi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari lavozimiga partiya Siyosiy Kengash Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Ahmadovich Xaitov nomzodi taklif etildi va bir ovozdan ma'qullandi. 

Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri va uning o‘rinbosarlarini saylash bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan siyosiy partiyalar vakillari Kengashiga O‘zLiDeP fraksiyasidan ham vakillarni belgilash masalasi muhokama qilindi va O‘zLiDeP fraksiyasidan uch nafar nomzod ko‘rsatildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top