10:20 / 19.01.2020
3
40566
«Noto‘g‘ri talqin qilinmoqda». «O‘zatom» «Chernobil tabiat uchun jannatga aylangani» haqidagi surat bo‘yicha izoh berdi

Shu kunlarda internetda «O‘zatom» agentligi logotipi tushirilgan va Chernobil hududi tabiat uchun jannatga aylangani haqida yozilgan slayd surat tarqalib, bu holat bahs-munozaralarni keltirib chiqardi. «O‘zatom» agentligi ushbu holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 18 yanvar kuni Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetida «O‘zbekistonda energetika sohasini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tgan. Unda Chernobil AES yon-atrofidagi tark etish zonasi misolida radiatsiya va nurlanishning turli genetik mutatsiyalarga hamda tabiatga salbiy ta'siri to‘g‘risida slayd ko‘rsatilgan, unda «Chernobyl stal rayem dlya prirody» deb yozilgan. Agentlikning qayd etishicha, bu slayd ijtimoiy tarmoqlarda «noto‘g‘ri talqin qilinmoqda».

«Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda yadroviy texnologiyalarning xavfsizligi masalalari to‘g‘risidagi prezentatsiyaning konteksti ostidan chiqarib olib noto‘g‘ri talqin qilish va tarqatish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, Chernobil AESi yon-atrofidagi tark etish zonasi misolida radiatsiya va nurlanishning turli genetik mutatsiyalarga hamda tabiatga salbiy ta'siri to‘g‘risidagi slayd noto‘g‘ri talqin qilinmoqda va tarqatilmoqda», deyiladi xabarda.

«O‘zatom» agentligining ma'lum qilishicha, ochiq muloqotda chiqish qilgan ma'ruzachi bu slayd bilan quyidagicha fikr bildirmoqchi bo‘lgan:

Hozirgi kunda atom energetikasi va yadroviy texnologiyalardan foydalanish sohasi atrofida haqiqatga zid ko‘plab afsonalar tarqalgan. Shunday afsonalardan biri — radiatsiyaning ta'siri natijasida naslda genetik o‘zgarishlar hosil bo‘lishi.

Tarixda katta miqdordagi radiatsiyaning aholi va tabiatga ta'siri holatlari yuz bergan. Masalan, Chernobil o‘rmonlarida ikki kallali hayvonlar yoki mutantlar yashashi to‘g‘risida afsona mavjud. Yoki Yaponiyada Xirosima va Nagasaki shaharlari bombardimon qilingandan so‘ng genetik o‘zgarishlar bilan bolalar tug‘ilgani haqida afsona mavjud.

Keyingi slaydlardan ko‘rinib turibdiki, Chernobil AESning tark etish zonasida hozirda odamlar yashamaydi, u yerda hech qanday xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaydi va shu sababli tabiat gullab-yashnamoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu afsonalarning talqinidan tashqari, tadbirda atom elektr stansiyasining afzalliklari va zamonaviy yadroviy texnologiyalarning xavfsizlik darajasi to‘g‘risida atroflicha ma'lumot berilgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top