17:17 / 22.01.2020
0
17032
Ham uy, ham ishxona, ham maktab – Vetnamdagi noyob restoranlar haqida eshitganmisiz?

Vetnam – Osiyo janubi-sharqidagi eng yaxshi turistik yo‘nalishlardan biri. Birgina 2019 yilning birinchi choragida poytaxt Xanoyga 7,5 milliondan ortiq sayyoh kelgan. Mamlakat diqqatga sazovor manzillari, betakror madaniyati va mazali taomlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.

Vetnamga borganimda ajoyib restoranga kirib qolgandim. E'tiborlisi shundaki, u oddiy tamaddixona emas, balki ijtimoiy kompaniya ekan.

Restoranning kirish qismi

Avvalo, ijtimoy korxona (social enterprise) nimaligiga izoh bersam. Egasiga daromad keltirish uchun emas, balki qandaydir ijtimoiy muammoni hal etish yoki jamiyatga foyda keltirish yo‘lida faoliyat olib boruvchi korxona ijtimoiy korxona deyiladi.

Men hikoya qilmoqchi bo‘lgan KOTO (Know One, Teach One) restoranlar tarmog‘i – Vetnamdagi birinchi ijtimoiy kompaniya hisoblanadi. Kompaniya nomi o‘zbekchaga tarjima qilganda «Birni bilish va uni boshqalarga o‘rgatish» degani ma'noni anglatadi.

Restoran 1999 yilda, o‘sha vaqtlari oddiy gid sifatida ishlagan Jimmi Fam tomonidan ochilgan. Restoranning paydo bo‘lish tarixi quyidagicha: Jimmi Xanoyda avstraliyalik mehmonlarga tarjimon bo‘lib yurgan kezlarida bir guruh uysiz bolalarga to‘qnash keladi. «Hayotda o‘z yo‘limizni topib ketishimiz uchun qo‘limizda biror-bir hunarimiz bo‘lsa kifoya edi», – deyishadi bolalar Jimmi bilan suhbatda.

«Men nima qilish kerakligini bilmasdim, lekin nimadir qilishimni sezardim», deydi restoran asoschisi o‘z intervyularidan birida. Shu tariqa, KOTO sendvich tayyorlovchi kichik do‘kon sifatida 1999 yildan ish boshlagan.

Jimmi Fam, KOTO trening restorani asoschisi

Bu yerda kam ta'minlangan oilalarda yashovchi va hayoti xavf ostida bo‘lgan 16 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan yoshlar faoliyat olib boradi. Restoran ularni ish o‘rnidan tashqari, bepul boshpana bilan ham ta'minlab, ularga oshpazlikning eng zarur sir-asrorlarini o‘rgatadi.

Tayyorlov kursi ikki yil davom etadi. Yakunda yoshlar mehnat qilish uchun tayyor kadr bo‘lib yetishishadi. KOTOning ko‘plab o‘quvchilari hozirda Vetnamning nufuzli mehmonxona, restoran, kafe va ko‘ngilochar maskanlarida ishlashmoqda. Ular orasida o‘z biznesini boshlaganlari ham bor.

Xanoydagi KOTO restorani menejyeri Nguyenning aytishicha, ochilganiga 20 yildan oshgan kurs bitiruvchilari 700 nafardan ortiqni tashkil etadi.

«KOTO – madaniy-trening restoran bo‘lib, bu yerda Vetnam bo‘ylab kam ta'minlangan o‘quvchilarga malaka oshirish kurslari taqdim etiladi. Ular yetim farzandlar yoki maktab, universitetlarda o‘qishini davom ettirishga imkoni yo‘q yoshlar bo‘lishi mumkin. Biz ularga ish va ikki yillik trening kurslarini taklif qilamiz.

Hozir qariyb 200ga yaqin o‘quvchimiz bor. Ikki yil ichida ular Avstraliyaning maxsus sertifikatiga ega bo‘lishadi va 4-5 yulduzli mehmonxonalarda ishlashlari mumkin», – deydi Nguyen.

KOTO restoranida biz buyurgan taomlarning barchasi juda ham mazali edi. Shunga yarasha, ularning narxi ham arzon emas. Lekin narx restoranda ko‘rsatilayotgan xizmat darajasining sifati va taomlar ta'mi bilan o‘zini oqlaydi.

Qolaversa, siz bu yerda qandaydir brend fast-fud kompaniyasi yoki taniqli brend uchun emas, balki oddiy, yordamga muhtoj yosh yigit-qizlarning mehnati uchun haq to‘laysiz. Shu sababli, restorandan tun-u kun mehmon arimaydi.

Aytishlaricha, bu yerga nafaqat oddiy sayyohlar, balki dunyoning nufuzli shaxslari ham kelib turishadi. Masalan, AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton va Daniya malikasi Margret II ham KOTO mehmoni bo‘lgan.

AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton KOTO restorani o‘quvchilari bilan

Mobodo Vetnamning Xanoy yoki Xo Shi Min shaharlariga yo‘lingiz tushsa, siz ham KOTO restoraniga kirib o‘ting!

Feruza Avazova,
Kun.uz muxbiri.

Buyurtma qilgan taomingiz kelguniga qadar, menyu kitobchasidan bu yerda tahsil olgan yigit-qizlarning hayotiy hikoyalari bilan tanishishingiz mumkin.
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top