Jamiyat | 19:18 / 22.03.2023
29312
12 daqiqa o‘qiladi

«Bola qo‘rqib emas, yaxshi ko‘rib hurmat qilishi kerak» - Vetnamda dars berayotgan o‘zbekistonlik o‘qituvchi

Farg‘onalik Dostonbek Siddiqov ota-onasi izidan borib o‘qituvchilik kasbini tanlagan. 5 yildan beri Vetnamda yashaydigan yigit ingliz tilidan dars beradi, u oyiga o‘rtacha 4 ming dollar daromad qiladi. Bu davlat uning o‘qituvchi sifatida qarashlarini butunlay o‘zgartirgan. Avvaliga begona yurtda maktablardan ish topolmagach faoliyatini bog‘chadan boshlagan o‘zbek yigiti vaqt o‘tib u yerda «yil o‘qituvchisi» sifatida e’tirof etilgan. O‘qituvchi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Vetnamga qanday borib qolgani, erishgan yutuqlari va davlat ta’lim tizimidagi o‘ziga xosliklar haqida so‘zlab berdi.

— Tanlovingiz nega aynan Vetnam bo‘lgan? U yerda ish boshlashingiz qanday kechgan?

— Bu yerga kelib qolishim mutlaqo tasodif. Aynan Vetnamda ishlash niyatim bo‘lmagan. Bungacha men Xitoyda ishlab yurganman. Orada vizamni yangilash uchun boshqa davlatga chiqishim kerak bo‘lib qoldi, shunda Vetnamga kelganman. Bu yerdagi o‘zimiznikiga o‘xshash madaniyatni ko‘rganimdan keyin shu yerda qolishga qaror qilganman. Bundan tashqari, Tailand, Malayziya, Kambodja kabi mamlakatlarda ham ishladim. Bular bilan solishtirganimda, ko‘proq Vetnam ma’qul kelgan.

Birinchi kelganimda hamma narsa men uchun yangi bo‘lgani sabab, moslashgungacha bo‘lgan davrda ish topishim biroz qiyin bo‘lgan. Chunki Vetnamda sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri ish berisha olmaydi, oldin ochiq dars o‘tib berishingiz kerak bo‘ladi. Yangi o‘quvchilar, yangi atmosfera bo‘lgani uchun dars o‘tishda biroz qiynalganman boshida. Shuning uchun bu yerdagi faoliyatimni bog‘chadan boshlashga majbur bo‘lganman. O‘zbekistonda akademik litsey o‘quvchilariga dars berganim uchun bog‘chada ba’zi narsalar qiynagan meni, ya’ni darslarim jiddiyroq bo‘lib qolavergan. Boshida bog‘cha talablariga ko‘nikishim qiyin bo‘lgan. Keyinchalik boshqalarni kuzatib, kerak bo‘lsa bolalar bilan birga raqsga tushish, ularni o‘yinlar bilan o‘qitish kerakligini, muhimligini tushunganman.

— Vetnam ta’lim tizimida nimaga ko‘proq e’tibor berishadi?

— Vetnam bilan qiyoslansa, bizda endi-endi ta’limga e’tibor qaratilayotgandek tuyuladi. Bu yerda ta’limdagi islohotlar ancha oldin boshlangan. Bir paytlar savodsizlik avj olgan davlat bo‘lgan. Keyin savodsizlik dushmandan ham yomon, najot ta’limda, deb ta’lim rivojiga harakat qilishgan. 2000 yildan boshlab jarayon yanada tezlashgan. Ya’ni shu yildan boshlab xorijlik mutaxassislar ham dars o‘tishni boshlagan. Hozir eng chekka hududlarda ham chet ellik ekspertlar dars o‘tishadi.

Bu yerdagi ta’lim tizimi bizniki bilan deyarli bir xil: bog‘cha, boshlang‘ich maktab, o‘rta maktab, yuqori maktab. Majburiy ta’lim 12 yillik hisoblanadi. Boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktablar hammasi bir joyda joylashmaydi. Sinflarning joylashuv o‘rniga qarab, 40 tadan 60 nafargacha o‘quvchi bo‘ladi. Yuqori sinflarda odatda 50-55 o‘quvchi bo‘ladi. E’tiborlisi, doim 100 foiz davomat bo‘ladi.

Asosiy e’tibor ko‘proq aniq fanlarga qaratilgan. Masalan, matematika darsi har kuni bo‘ladi. Keyin, ingliz, fransuz, rus tillari ham o‘rgatiladi. Jumladan, ingliz tili har kuni o‘tiladi xuddi matematika kabi. Maktablar bizdagi repitetorlar darajasida bilim bera oladi. Lekin shunday bo‘lsa ham, ota-onalar qoniqmasdan, qo‘shimcha darslarga beradi. Ota-onalar bolasi bilan shu darajada yaxshi shug‘ullanadiki, bizdagilar bilan taqqoslasa, ancha yuqori. Vaqtini ko‘chada bekorga o‘tkazmaydi odamlar, ish tugashi bilan uyiga qaytadi va bola bilan shug‘ullanadi. Ertalablari xam birinchi bolalarni maktabga olib borib, keyin ishga ketishadi.

Aholining ko‘p qismi oddiy ishchilar. O‘zlari qiynalayotgani uchun ham bolalarini o‘qitishga harakat qilishadi. Ya’ni ota-onalar boy emas. Kerak bo‘lsa, ta’tilsiz, dam olish kunlarisiz ishlashadi va bola ta’limi uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni yetkazib berishadi.

— Vetnamda o‘qituvchi bo‘lishning ustunliklari yoki mashaqqatlari nimada, o‘qituvchi qancha daromad topishi mumkin?

— Ko‘proq yaxshi tomonini ko‘rdim men. To‘g‘ri, maosh u darajada boy qilib yuboradigan emas, lekin bu kasb jamiyatdagi mavqeyingizni juda ko‘taradi. Navbatlarda tursangiz, birov tanib qolsa, hurmat qilib navbat boshiga olib chiqishadi. O‘zim bilan ham bir necha marta shunday holat bo‘lgan banklarda. Umuman, o‘qituvchining hurmati juda baland.

Bu yerda o‘qituvchilar haqida o‘quvchilar fikri inobatga olinadi. Eng yaxshi ko‘rganim ham shu o‘quvchilarni eshitishlari. Agar o‘qituvchi haqida o‘quvchilar salbiy fikr bersa, uni ko‘p ushlab turishmaydi. Bolaga kerak bo‘lgan narsani berolmayaptimi, unda o‘qituvchining o‘zi ham kerak emas.

O‘zim maktabda haftasiga 20 soat ishlayman. Maoshim 2300 dollar. Bundan tashqari, o‘quv markazida ishlayman, u yerda haftasiga 400-500 dollar olaman. Shaxsiy ehtiyojlardan tashqari 3500-4000 dollar topsa bo‘ladi.

— O‘qituvchi sifatida kun tartibingiz qanday kechadi?

— Hozir menda dam olish kunim yo‘q. Maktabda dushanbadan jumagacha ish bo‘ladi, lekin o‘quv markazda dam olish kuni yo‘q. Xorijlik o‘qituvchilar odatda ertalabdan dars o‘tmaydi. Shu paytda men o‘zbekistonlik o‘quvchilarim uchun onlayn dars o‘taman. So‘ng maktabga boraman, soat 13:30 dan 17 gacha maktabda bo‘laman, keyin to‘g‘ri o‘quv markaziga darsga ketaman. Kechki soat 18:00 dan 21:00 gacha ish bo‘ladi har kuni, dam olish kunlari esa kun bo‘yi dars. Keyin uyga borib, yana o‘zbekistonlik o‘quvchilarga onlayn dars o‘tib, kunni tungi 12 da yakunlayman.

— Xorijlik o‘qituvchilardan nimalar talab qilinadi asosan?

— Asosiy talab — bilim, bolalar bilan ishlay olish, qiziqtirish, ular bilan faqat ingliz tilida gaplashish kabilar talab qilinadi. Ingliz tili grammatikasini mahalliy o‘qituvchilar o‘tadi, biz esa bola bilan ingliz tilida gaplashamiz, inglizcha atmosfera yaratib berib, gapirishga o‘rgatamiz. Dars rejalari ham so‘raladi bizdan ham, lekin u bitta bo‘ladi bir yil uchun. Reja bo‘yicha mavzu o‘tilayotgan bo‘lsa, boshqa e’tirozlar bo‘lmaydi.

— Ish jarayonida o‘zingizda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

— O‘zgarish juda katta. O‘zbekistonda ishlab yurganimda boshqa o‘qituvchilarga taqlid qilib, juda jiddiy bo‘lganman. Xonaga jiddiy tarzda kirib kelish, bola o‘rnidan turib salom berishi — o‘qituvchi miyasida shakllanib qolgan majburiy qoidalar. To‘g‘ri, hurmat qilish kerak. Lekin biz bolani qo‘rqitib hurmat oladiganga o‘xshaymiz.

Bu yerda birinchi navbatda bola bilan ishlash, ularni seva olish, ular bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Shunda bola qo‘rqib emas, yaxshi ko‘rib hurmat qiladi.

— Vetnam maktablarida o‘qituvchilar o‘z ustida ishlashi uchun qanday sharoitlar yaratilgan?

— Bu yerda ham bizdagi kabi ba’zi qog‘ozbozliklar bor, biroq tekshiruvlar yiliga bir yoki ikki marta keladi, xolos. Oldindan ogohlantirib, xabar berib kelishadi. O‘qituvchining darsini buzib, hujjatlarini tekshirishlar yo‘q. O‘qituvchining salohiyatini qogozga qarab emas, o‘quvchilariga qarab bilishadi. O‘qituvchi faoliyatini hech kim buzmaydi, ortiqcha tekshirmaydi. Yana bir muhim sharoit shuki, o‘qituvchi bolaning intizomiga qayg‘urmaydi. Bu ishlar bilan alohida shug‘ullanuvchi odamlar bor. Har bir xonada kamera va “kolonka”lar mavjud. Qaysidir bola sho‘xlik qilyaptimi, uni kuzatib turganlar “kolonka” orqali chaqirib olishadi. Aynan kuzatuv uchun maxsus bo‘limlar bor.

Har bir maktabga kirishda «School is fun» (Maktab — xursandchilik) degan shior turadi. Va haqiqatda ham xuddi shunday. Bolalar maktabga kelishni juda yaxshi ko‘radi, chunki u yerdagi o‘qituvchilarni, do‘stlarini, muhitni yaxshi ko‘radi. Bolani bezdiradigan narsalar yo‘q maktablarda. Hatto o‘qituvchilar va o‘quvchilar birga videolar olishadi ijtimoiy tarmoq uchun, rasmlarga tushishadi, o‘yinlar o‘ynashadi. Hurmat chegarasi bor, hamma o‘z haddini biladi.

— 2022 yilda Vetnamda «Yil o‘qituvchisi» mukofotiga loyiq ko‘rilgansiz. Kutganmidingiz?

— Bu o‘zim uchun ham kutilmagan holat bo‘lgan. Chunki aynan mukofot uchun harakat qilmaganman men. Harakatim boshqalar oldida uyalib qolmaslik, yaxshi dars o‘tish bo‘lgan. Buning uchun kechalari bilan uxlamay, darslarga tayyorgarliklar ko‘rdim, yangilar qildim, o‘zim bilmagan holada yangicha metodlar olib kirdim.

Darslarda yordamchi bo‘ladi va u sizni videotasvirga olib turadi. Bu videolar ota-onalar uchun. Men ham ota-onalar ichida mashhur bo‘lib ketdim. Keyin esa menga biriktirilgan o‘quvchilar zo‘r natijalar ko‘rsatdi. Vazifam o‘sha o‘quvchilarga xorijiy til sertifikatlari olishga ko‘mak berish bo‘lgan. O‘tgan yili ko‘p o‘quvchilarim IELTS’dan yuqori ballar olishdi. Yil sarhisobida ismimni eshitganim kutilmagan holat bo‘lgan. Chunki atrofimdagi ko‘p o‘qituvchilar haqiqiy inglizlar edi. Ayni o‘shalar oldida uyalib qolmaslik uchun ham harakat qilgandim, mukofot uchun emas.

— 5 yildan beri Vetnamdasiz. O‘zbekistonga qaytish niyatingiz bormi?

— Qaytish niyatim bor, albatta. Ishimdan tashqari ham boshqa muhim ishlarim bor, ya’ni magistraturaning oxirgi bosqichida o‘qiyapman. Shuning uchun ham hozircha keta olmayman. Bira to‘la o‘qishimni tugatib, keyin ketmoqchiman. Bundan tashqari, bir nechta loyihalarni boshlab qo‘yganman. Biroz vaqt kerak. Buyerda o‘zlashtirgan narsalarim juda ko‘p. Shular asosida O‘zbekistonda ham bir nechta loyiha boshlamoqchiman.

Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.
Tasvirchi Asror Almurodov
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid