18:51 / 22.01.2020
6
20303
Yana Saudiya, yana oxirgi daqiqalar... Final ostonasidagi alamli mag‘lubiyatdan fotogalereya
Foto: KUN.UZ

Tailandda davom etayotgan Osiyo chempionati-U23 yarim finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston hamda Saudiya Arabistoni jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv o‘zbekistonlik futbolchilar uchun alamli tarzda yakunlandi. Saudiya 87-daqiqada gol urib g‘alabani ilib ketdi.

Butun o‘yin davomida esa O‘zbekiston juda ko‘p hujum qildi. Bobur Abduxoliqovning o‘zi zaxiraga olinguniga qadar 3 marta darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib bordi. Oxir oqibat murabbiy Bobur imkoniyatlardan foydalana olavermagach uni zaxiraga oldi. Boburning o‘rniga kutilmaganda klubdoshi Islom Kenjaboyev tushdi. Qanotdagi faol o‘yinlari bilan tanilgan Kenjaboyevning markaziy hujumchi o‘rniga tushishi tushunarsiz qaror bo‘ldi.

O‘yin davomida Ilhom Alijonov va Hojiakbar Alijonovlar ham ko‘p marta o‘z qanotlaridan yorib kirib xavfli hujumlar tashkil qilishdi. Jasur Yaxshiboyev, Sanjar Qodirqulovlar ham yaxshi o‘yin o‘tkazishdi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston raqibdan yaxshiroq ekanini o‘yin davomida ko‘rsatdi go‘yo, ammo buni isbotlaydigan birgina golni biz emas, saudiyalik futbolchilar urishdi.

Saudiya bilan o‘yinlarda ko‘pincha oxirgi daqiqalarda gol o‘tkazib yuboramiz, chunki bu mamlakat futbolchilari irodali, futbol hushtagi chalinguniga qadar davom etadigan o‘yin ekanini his qilishadi, o‘z imkoniyatini sabr bilan kutib hal qiluvchi «hamla»ni amalga oshirish uchun mohir ovchi kabi payt poylashadi. Bizning futbolimizga aynan mana shu narsa yetishmadi.

Saudiya haqli tarzda g‘alabani qo‘lga kiritdi desak, xato bo‘lmaydi. Saudiyaliklar 24 yildan buyon olimpiadaning futbol bahslarida o‘ynamagandi. Saad ash Shehri jamoasi mamlakat futboli muxlislarining bu orzusi ushalishiga yordam berishdi. Bugun Saudiya sabrliroq, irodaliroq va keling tan olaylik, kuchliroq bo‘lgani uchun olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston hali Tokio olimpiadasi yo‘llanmasidan umid uzgani yo‘q. Uchinchi o‘rin uchun o‘yinda yigitlarimiz Avstraliya yoki Janubiya Koreyaga qarshi bahs olib borishadi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yin finaldan ham keskinroq o‘tadi desak, xato bo‘lmaydi. Chunki finalga chiqqan jamoalar allaqachon asosiy vazifani bajarib Tokio chiptasini naqd qilgan bo‘ladi, uchinchi o‘rin uchun bahs esa olimpiadaga beradigan oxirgi yo‘llanma sohibini aniqlaydi. Quyida biz uchun alamli yakunlangan Saudiya Arabistoni — O‘zbekiston o‘yinidan fotogalereyani e'tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Mavzu
Osiyo chempionati-U23
8 yanvar kuni Tailandda U-23 terma jamoalari o‘rtasidagi navbatdagi Osiyo chempionati start oldi. O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etayotgan turnir 26 yanvarga qadar davom etadi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top