15:23 / 23.01.2020
1
14459
«Snos»lar bo‘yicha qattiq normalar belgilangan». Qo‘mita raisi Toshkent shahri bosh rejasi kechikayotganiga izoh berdi

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev 23 yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent shahrining bosh rejasini qabul qilish nega cho‘zilib ketganiga izoh berdi.

«Toshkent shahrining bosh rejasi hozir tubdan qayta ko‘rib chiqilyapti. Bosh rejani ishlab chiqish jarayonida biz ishtirok etmayapmiz. Bu ish bilan asosan Qurilish vazirligi shug‘ullanmoqda. Poytaxtning bosh rejasini ishlab chiqish uchun Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning ekspertlari, ayni shu yo‘nalishda ishlovchi kompaniyalar ham jalb etilgan. Jarayon cho‘zilayotgani rost. Lekin buning o‘ziga yarasha sabablari bor.

Xabaringiz bor, «snos»lar bo‘yicha juda qattiq normalar belgilandi. «Snos» degan tushuncha o‘zbek tilida yo‘q edi, bizgayam kirib keldi. Davlat rahbari biror joyni buzishdan oldin yetti o‘lchab, kerak bo‘lsa yetmish o‘lchab bir kesishni, ertangi kunni o‘ylab bu ishni qilish kerakligini ko‘p ta'kidlaydi.

Yo‘llar qurib, bir oy o‘tgandan keyin qaysidir xato yo kamchilik uchun buzib yuborilishiga endi yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ertaga nimadir quriladigan bo‘lsa, bu bugun barpo etilayotgan imoratlarni buzib tashlash hisobiga bo‘lmasin, oldindan rejalashtirib qilinsin», deydi Abdushukur Abdullayev.

Tadbirda yildan yilga qurilish konstruksiyalari ham o‘zgarayotgani, ilgari imoratlarni 4-5 yoki 7-9 qavat qilib qurish urf bo‘lgan bo‘lsa, hozir talab boshqacha bo‘layotgani ta'kidlandi.

«Urbanizatsiya talablaridan kelib chiqib, bundan buyon shaharlar faqat yon-atrofdagi hududlar hisobiga kengaymaydi, balki ko‘p qavatli binolarni qurish hisobiga shahar hududi yuqoriga qarab o‘sadi. Toshkent shahridan salgina chetga chiqilsa, hammasi ekin maydoni. Ekin maydonlari hozir prezident nazoratida. Boshqacha aytganda, ekin maydonida imorat qurish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kabi ishlarga faqat prezident qarori bilangina ruxsat berilishi mumkin.

Shuning uchun ham hozir puxta o‘ylab, kelgusidagi rejalardan va kommunikatsiyalarni bir-biriga ulash nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda bugun qurib, yana 5-10 yildan keyin buzadigan bo‘lmasin degan maqsadda qattiq ish olib borilyapti. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Bugun qurib, 5-6 yildan keyin puxta o‘ylanmagan qaysidir holat tufayli qurilgan joylarning buzdirilishi hozirgi kun talabiga to‘g‘ri kelmaydi», deya Abdushukur Abdullayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar bosh rejasining konsepsiyasi joriy yilning aprel oyida taqdim qilinishi bo‘yicha ham ma'lumotlar berilgan, keyinchalik bu muddat yana uzaytirilgandi.

Qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov 2019 yilning iyunida Bosh reja konsepsiyasining kechikayotgani Toshkent shahar hokimligining muammosi ekanini aytgan, shu bilan birga bu ish jiddiyligi va uzoq vaqt talab qilishini ta'kidlagan holda, turk va ingliz kompaniyalari bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan poytaxt bosh reja konsepsiyasi yaqin 1,5-2 oy ichida tayyor bo‘lishini aytgan edi.

Biroz avvalroq Toshkentdagi sanoat korxonalari kichik halqa yo‘lidan tashqariga ko‘chirilishi ma'lum qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top