11:00 / 25.01.2020
0
9000
O‘zbekiston rasmiylari ishchi guruhi Tomskka yetib bordi

2020 yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh Rossiyaning Tomsk viloyatiga yetib keldi, deb yozmoqda TIV rasmiy Telegram kanali.

Ishchi guruh 21 yanvar kuni Tomsk viloyati Asino tumani Prichulim posyolkasida sodir bo‘lgan yong‘inda O‘zbekiston fuqarolarining halok bo‘lgani bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganmoqda va O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘i bilan fojia sabablarini o‘rganish hamda halok bo‘lganlarning oilalariga va 2 nafar jabrlangan fuqaroga yordam ko‘rsatish uchun tashkil etilgan Hukumat komissiyasiga o‘z takliflarini taqdim etadi.

Ishchi guruh Tomsk viloyatining tegishli hokimiyat organlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. Muzokaralarda hamyurtlarimizning jasadlarini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy, tashkiliy va boshqa masalalar muhokama qilinadi.

Shuningdek, Bosh konsulxona yong‘inda vafot etgan 11-insonning shaxsi aniqlangani to‘g‘risidagi ma'lumotni 24 yanvar kuni tasdiqladi. U O‘zbekiston fuqarosi M.M. ekani ma'lum bo‘ldi.

Avvalroq O‘zbekiston FVV Rossiyaning Tomsk viloyatidagi yotoqxonada yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetgani va shaxsni tanish jarayonlari yakuniga yetganidan so‘ng, halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga olib kelish uchun Toshkentdan Tomsk viloyatiga maxsus bort uchishi haqida xabar qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top