14:24 / 26.01.2020
0
9708
Prezidentning murojaatida ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi budjetga yuk bo‘lmaydi – Jamshid Qo‘chqorov
Foto: KUN.UZ

Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ta'kidlashicha, prezidentning parlamentga murojaatida belgilangan vazifalarning bajarilishi, yangi tasdiqlanadigan davlat dasturining ijrosi 2020 yil uchun tasdiqlangan davlat budjeti uchun og‘irlik qilmaydi.

«Davlat rahbarining parlamentga murojaatidagi masalalar 2020 yil uchun parlament tomonidan tasdiqlangan davlat budjetida ko‘zda tutilgan deb aytolmaymiz, albatta. Ko‘p masalalarini prezidentimiz yangidan qo‘ydilar.

Shuning uchun bizda ma'lum ma'noda qo‘shimcha xarajatlar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin bu u qadar katta xarajatlarga olib kelmaydi, kambag‘allikni qisqartirish bo‘ladimi yoki oliy o‘quv yurtlariga grantlarni ko‘paytirish – bular 2020 yil hisobidan katta xarajat talab qilmaydi», deydi u.

Vazir murojaatda belgilab berilgan vazifalar bo‘yicha tegishli dasturlar, strategiyalar va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish muayyan vaqt talab etishini aytib o‘tgan.

«Oliy ta'lim muassasalarida o‘qish sentyabrdan boshlanadi yoki kambag‘allikni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqishning o‘ziga kamida uch oy, uni xalqaro tashkilotlar bilan kelishishga olti-yetti oy ketadi. Shuning uchun bu yil jiddiy muammolar ko‘rmayapmiz va asosiy xarajatlar 2021 va undan keyingi yillarga o‘tadi», deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top