21:35 / 29.01.2020
0
70103
«Davlat xizmati katta maktab bo‘ldi» - Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva xayrlashuv postlarini yozishdi

Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimini tark etgan Komil Allamjonov va uning sobiq o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva xayrlashuv postlarini yozishdi.

«Hayotimning eng yorqin, qiziqarli va serqirra kunlari aynan AOKAda o‘tdi. Davlat xizmati katta maktab bo‘ldi. Endi biz tanlagan jamoatchilik yo‘li ham bundan-da voqealarga boy, shu bilan birga, sermazmun bo‘ladi deb niyat qilaman. Nima bo‘lsa ham, xalq va yurt manfaati bosh maqsad bo‘lib qoladi», deyiladi Allamjonovning telegram kanalidagi postida.

Saida Mirziyoyeva bundan keyin ham davlat va yurt farovonligi yo‘lida qo‘lidan kelganicha xizmat qilishga tayyorligini bildirgan.

«Agentlikdagi faoliyatim mening hayotimdagi eng baxtli davrlardan biri bo‘ldi. Oldimizga qo‘yilgan har bir masala va vazifaga astoydil harakat qilgan holda yondashdik. Kelajakda ham qaysi yo‘nalishda ishlashimdan qat'i nazar, faqat davlat va yurt farovonligi yo‘lida qo‘limdan kelganicha xizmat qilishga tayyorman», deya yozadi u.

Bundan avvalroq Komil Allamjonov va Saida Mirziyoyeva nodavlat sektorda ishlash maqsadida o‘z lavozimlarini tark etgani ma'lum bo‘lgandi. Agentlik rahbarligini Allamjonovning sobiq birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov egallagan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov 2018 yilning noyabrida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan, ko‘p o‘tmay bu agentlik Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilgandi.

Saida Mirziyoyeva esa 2019 yilning aprelida agentlik direktori o‘rinbosari etib tayinlangandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top