O‘zbekiston | 22:51 / 30.01.2020
11791
3 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov yoshlar bilan uchrashdi. 2019 yilda tizimdagi 46 yosh xodim jinoyatga qo‘l urgan

Ichki ishlar tizimida 2019 yil davomida 2351 nafar yosh xodim xizmat intizomini buzgan. Jumladan, 70 nafari xizmat vaqtida spirtli ichimlik ichgan, 46 nafari odamlar bilan qo‘pol muomalada bo‘lgan, 100 nafari xizmat joyini uzrli sabablarsiz tashlab ketgan, 31 nafari xizmat kiyimini kiyish qoidalarini buzgan, 148 nafari murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatiga rioya qilmagan.

Bu haqda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov 29 yanvar kuni o‘tkazilgan yoshlar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Uchrashuvda ichki ishlar tizimidagi yosh xodimlar bilan ishlashdagi muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z yuritildi. Jumladan, 2019 yilda o‘zi qonun himoyachisi bo‘la turib, 46 nafar yosh xodim jinoyatga qo‘l urgani, mazkur jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, xizmat vakolati doirasidan chetga chiqish va poraxo‘rlik tashkil etishi aytildi.

«2020 yil 7 yanvarda Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida yashovchi Sayfiddin Jabborov avtomashinani hujjatlarsiz boshqargani sababli mashinasi jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Viloyat IIB Yo‘l-patrul xizmati inspektori 22 yashar Bobur Hasanov mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga undan pul talab qilgan. Safdor Hasanov fuqaro Jabborovdan 1 mln so‘mni pora sifatida olayotgan vaqtda ushlangan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Afsuski, bu kabi nopok xodimlar tizimning obro‘siga putur yetkazmoqda. Arzimagan pulni deb bu xodim oilasi, mahallasi, hamkasblari orasida yuzi qora bo‘ldi.

2019 yili iyunda Toshkent shahar Patrul-post xizmati xodimi 22 yashar Shohimardon Qorjonov xizmat paytida ukasining avtomashinasini hujjatlarsiz boshqarib, ushbu mashinada qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, fuqaro Qurbonov boshqaruvidagi avtomashina bilan to‘qnashgan va uning vafot etishiga sababchi bo‘lgan. Oqibatda u ichki ishlar organlari tizimidan chetlashtirildi va jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ushbu misollardan ko‘rinib turibdiki, hanuz yosh xodimlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadigan, kasb sirlarini o‘rgatadigan murabbiylar instituti faoliyati biz kutgan natijani bermayapti», – deya Po‘lat Bobojonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid