17:50 / 31.01.2020
0
13453
Koronavirus Buyuk Britaniyaga yetib bordi

Buyuk Britaniyada koronavirus bilan zararlanish bo‘yicha ilk holatlar qayd etildi. Milliy sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra virusdan zararlanganlar - bir oilaning ikki a'zosidir.

Foto: Artem Ivanov/TASS

Britaniya hukumati hozircha kasallanganlar haqida batafsil ma'lumot bermadi, ularga qayerda tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani ham ma'lum emas.

«Milliy sog‘liqni saqlash tizimi bunga juda yaxshi tayyorlangan va infeksion kasallikka qarshi kurasha oladi. Hozirda biz infeksiya tarqalishining oldini olish uchun bemorlarning kimlar bilan aloqada bo‘lgani bo‘yicha ma'lumotlarni to‘plamoqdamiz», - degan Angliya tibbiyot xizmati rahbari Kris Uitti.

«Biz Britaniyada yangi koronavirusga chalinish holatlariga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganmiz, bunga darhol javob qaytarish bo‘yicha infeksion nazorat choralari o‘rnatilgan», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Uittining qayd etishicha, Britaniya voqealar rivojining har qanday ko‘rinishiga tayyor turish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda xalqaro hamjamiyat bilan yaqin aloqa o‘rnatgan.

Hozirda Britaniyaga yangi koronavirus o‘chog‘i bo‘lmish Xitoyning Uxan shahridan britaniyaliklarni olib qaytayotgan samolyot yo‘l olgan. Uning bortida 83 nafar britaniyalik va yana boshqa mamlakatlar fuqarolari 27 kishi bor.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 13:30da Londonda bo‘lishi kerak. Xitoydan qaytganlarning barchasi ikki hafta davomida maxsus shifoxonada karantin sharoitida saqlanadi.

Bugun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2019-nCoV koronavirusining tarqalishini xalqaro darajadagi tibbiy favqulodda holat deb e'lon qildi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus yuqishi oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 213 nafarni tashkil etmoqda, ularning aksari markazi Uxan bo‘lgan Xubey provinsiyasiga to‘g‘ri keladi; Xitoyning o‘zida bu virusni yuqtirganlar soni 10 ming nafarga yaqinlashgan. Yana 18 mamlakatda virusga chalinish bilan bog‘liq 98ta holat qayd etilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top